Logo

"The Times of Central Asia": "Qovun sayli" Xivaning madaniy taqvimidagi eng muhim tadbirlardan biriga aylangan

Iyul 16, 2025. 15:34 • 2 daq

76
"The Times of Central Asia": "Qovun sayli" Xivaning madaniy taqvimidagi eng muhim tadbirlardan biriga aylangan

VASHINGTON, 16-iyul. /"Dunyo" AA/. AQShning "The Times of Central Asia" jurnalida "Xiva Qovun sayliga tayyorgarlik ko'rmoqda: milliy meros va hosil bayrami" sarlavhali maqola chop etildi, deb xabar qilmoqda "Dunyo" AA muxbiri.

Unda O'zbekiston turizm salohiyatini keng targ'ib etish, jumladan, Xorazm viloyatiga tashrif buyuruvchi xorijiy va mahalliy sayyohlar sonini oshirish maqsadida joriy yilning 8-10 avgust kunlari Xiva shahrida — "Ichan qal'a" va "Arda Xiva" majmualarida an'anaviy "Qovun sayli" festivali bo'lib o'tishi ma'lum qilingan.

 "Turizm qo'mitasi va Xorazm viloyati hokimligi tomonidan tashkil etilayotgan festival doirasida viloyatning shahar-tumanlari o'z hududlarida yetishtirilgan shirin qovunlarning ko'rgazma-savdosini o'tkazadi. Pavilyonlar hududiy rang-baranglik asosida bayramona bezatiladi. Viloyat dehqonlari o'tgan yili bo'lib o'tgan festivalda 125 turdagi qovunni namoyish etgan bo'lsalar, joriy yil ham turli hududlardan kelgan fermerlar o'z qovun navlarini an'anaviy naqshlar bilan bezatilgan pavilyonlarda taqdim etadi", – deyilgan maqolada.

AQSh bosma nashri yozganidek, shuningdek, teatrlashtirilgan sahnalar, qo'g'irchoq teatri va milliy liboslar namoyishi, milliy taomlar, Xorazm nonlari va hunarmandchilik mahsulotlari ko'rgazmalari, badiiy jamoalar, folklor guruhlarining jonli ijro chiqishlari, mahorat darslari, tasviriy va amaliy san'at asarlari ko'rgazmasi tashkil etiladi.

Materialda festivalning asosiy tadbirlari mahalliy va xorijiy yulduzlar ishtirokidagi gala konsertlar bilan 8-9 avgust kunlari "Ichan qal'a" va 10 avgust kuni "Arda Xiva" turizm majmualarida bo'lib o'tishi ma'lum qilingan.

"Bugungi kunda, "Qovun sayli" Xivaning madaniy taqvimidagi eng muhim tadbirlardan biriga aylangan. 2024-yilda ushbu festivalga  salkam 30 ming xorijiy va 400 ming mahalliy mehmon kelgan. Qovun sayli Xorazm brendini yuksaltirish, iqtisodiy o'sish hamda madaniy turizmni rivojlantirish yo'lidagi eng muhim omillardan deb hisoblanadi", – deya urg'ulangan maqolada.

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish