Dehlidan munosabat: Hindiston va O'zbekiston o'rtasidagi munosabatlar o'zaro ishonch, hurmat va do'stlik ruhidagi strategik sheriklik darajasiga ko'tarildi
Yanvar 03, 2024. 09:19 • 4 daq
• 422
DEHLI, 3-yanvar. /«Dunyo» AA/. Varanasi shahridagi Banaras Hindu universiteti siyosatshunoslik kafedrasi dotsenti Divya Rani «Dunyo» axborot agentligiga taqdim etgan tahliliy materialida O'zbekiston va Hindiston o'rtasidagi ko'p qirrali hamkorlikning bugungi holati va istiqbollari haqida fikr yuritgan.

"Hindiston va O'zbekistonni chuqur tarixiy ildizlar bog'lab turadi va ikki mamlakat o'rtasida mustahkam sheriklik munosabatlari o'rnatilgan, – deydi hindistonlik ekspert. – Oliy darajadagi tashriflar va ko'p tomonlama kelishuvlar ikki tomonlama hamkorlikni faollashtirdi. O'zaro aloqalar iqtisodiy integratsiya, strategik tashabbuslar, xavfsizlik masalalari va boshqa sohalarni qamrab olgan. Savdo, sarmoya va energetika sohasidagi munosabatlar sezilarli o'sish jarayonini boshdan kechirmoqda. Tinchlik va barqarorlik borasidagi qarashlari mushtarak bo'lgan Hindiston va O'zbekiston ko'p qirrali aloqalarini yanada rivojlantirishdan manfaatdor.
Hindiston ham, O'zbekiston ham qadimgi Ipak yo'lining muhim hududlarini tashkil etgan. Hindiston O'zbekiston mustaqilligini birinchilardan bo'lib tan olgan va 1992-yil boshida Markaziy Osiyo davlati bilan diplomatik munosabatlar o'rnatgan. Ushbu tarixiy sanadan buyon ikki davlat o'rtasidagi rishtalar izchil rivojlanib, mustahkamlanib bormoqda.
So'nggi yillar davomida Hindiston va O'zbekiston o'rtasidagi munosabatlar izchil faollashib bormoqda, bunga Hindiston Bosh vaziri Narendra Modining O'zbekistonga va Prezident Shavkat Mirziyoyevning Hindistonga tashriflari asos bo'ldi. Davlatlar ham ikki tomonlama, ham ko'p tomonlama darajada faol hamkorlik qilmoqda. 2022-yil yanvar oyida «Hindiston-Markaziy Osiyo» sammiti virtual tarzda o'tkazildi. Hindiston Bosh vaziri 2022-yil sentyabr oyida Samarqandda bo'lib o'tgan Shanxay hamkorlik tashkiloti (SHHT) davlat rahbarlarining sammitida, so'ngra Prezident Shavkat Mirziyoyev 2023-yil iyul oyida uyushtirilgan SHHT davlat yetakchilarining onlayn-uchrashuvida ishtirok etdilar. Bunday oliy darajadagi muloqotlar ikki tomonlama aloqalarga yangi kuch bag'ishlamoqda.
Hamkorlikning izchil mustahkamlanishi milliy va mintaqaviy xavfsizlik masalalari bo'yicha munosabatlarda, ayniqsa, milliy xavfsizlik kotiblarining uchrashuvlarida ham o'z ifodasini topmoqda. 2022-yil yanvar oyida bo'lib o'tgan «Hindiston-Markaziy Osiyo» birinchi sammitidan buyon ushbu formatdagi ikkita uchrashuv tashkil etildi. Hindiston va Markaziy Osiyo davlatlari Xavfsizlik kengashlari kotiblarining 2022-yil 6-dekabr kuni uyushtirilgan birinchi uchrashuvida mintaqaviy xavfsizlikning dolzarb masalalari bilan bog'liq qator jihatlar ko'rib chiqildi.
Afg'onistondagi joriy vaziyatning mintaqa xavfsizligi va barqarorligiga ta’sirini baholash hamda ushbu mamlakat hududidan hech qanday terrorchilik harakatlarini rejalashtirish, tayyorlash yoki moliyalashtirish uchun foydalanilmasligini ta’minlash mavzusiga alohida e’tibor qaratildi. Qo'shma bayonot xavfsizlikka jiddiy tahdidlarni bartaraf etish uchun davlatlar o'rtasida jamoaviy va muvofiqlashtirilgan javob choralari ko'rishga chaqirdi. Hujjatda sun’iy intellekt, qurol-yarog' va giyohvand moddalar savdosi, yolg'on xabarlarni tarqatish uchun kibermakondan foydalanish va boshqa vositalardan g'arazli maqsadlarda foydalanish bilan bog'liq xavfsizlikka tahdidlarga e’tibor qaratilgan. Shu tariqa BMTning Xalqaro terrorizm bo'yicha keng qamrovli konvensiyasini tezroq qabul qilish bo'yicha Hindiston tashabbusi qo'llab-quvvatlandi.
O'zbekiston Afg'onistonga insonparvarlik yordamini yetkazish uchun Termiz shahridagi ko'p funksiyali transport-logistika xabi faoliyati muhimligini ta’kidladi.
Hindiston va O'zbekiston o'rtasidagi munosabatlar siyosiy va strategik jihatlar, mudofaa, savdo va sarmoya, fan-texnika, qishloq xo'jaligi, energetika, ta’lim va xalqlar o'rtasidagi aloqalar kabi keng ko'lamli sohalarni qamrab oladi. Ikki tomonlama aloqalarning siyosiy va strategik jihati davlatlar o'rtasidagi o'zaro hurmat va ishonchga asoslanadi. Bir-birining suvereniteti, hududiy yaxlitligi va xavfsizligiga chuqur sadoqat bor.
Savdo va investitsiya faolligi sezilarli o'sishni ko'rsatmoqda. Asosiy savdo obyektlari mashinasozlik, kimyo, farmatsevtika, to'qimachilik, teri va qishloq xo'jaligi mahsulotlarini o'z ichiga oladi. Umumiy qiymati 3 milliard dollardan ortiq bo'lgan 15 ta investitsiya loyihasini amalga oshirish bo'yicha kelishuvlarga erishilgan. Hindiston, shuningdek, O'zbekistonda axborot texnologiyalari, yo'l qurilishi va boshqa qator sohalarni rivojlantirish loyihalari uchun 448 million dollarlik kredit liniyasi ochdi.
Hindiston va O'zbekiston o'rtasidagi hamkorlikning muhim yo'nalishlaridan biri transport-logistika sohasidir. O'zbekiston Hindiston tomonidan Erondagi Chobahor portini rivojlantirish chora-tadbirlarini qo'llab-quvvatlamoqda. Energetika sohasida ham istiqbolli loyihalar mavjud. Ikki mamlakat quyosh energetikasi sohasida hamkorlik to'g'risida Anglashuv memorandumini imzolagan. Hindiston Atom energiyasi bo'yicha global hamkorlik markazi va O'zbekiston Atom energetikasini rivojlantirish agentligi o'rtasida fuqarolik atom energetikasi sohasida hamkorlik to'g'risidagi memorandum tasdiqlangan.
Hindiston va O'zbekiston o'rtasidagi munosabatlar o'zaro ishonch, hurmat va do'stlik ruhidagi strategik sheriklik darajasiga ko'tarildi. Hindiston ham, O'zbekiston ham mintaqa va jahonda tinchlik, farovonlik va barqarorlikni ta’minlash borasida mushtarak qarashlarga ega. Turli sohalardagi hamkorlik sezilarli o'sish sur’atlarini namoyish etib, o'zaro manfaatli sohalar kengaymoqda. Ikki davlat azaliy aloqalarni yanada yuqori darajaga ko'tarish uchun ulkan salohiyatga ega".
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
So‘nggi yangiliklar
Barchasi