Elchi Mansurbek Qilichev: Misr O'zbekistonning Afrika va Yaqin Sharqdagi muhim hamkori
Iyul 16, 2025. 15:30 • 3 daq
• 73
QOHIRA, 16-iyul. /"Dunyo" AA/. Misrning rasmiy "MENA" axborot agentligi O'zbekistonning ushbu mamlakatdagi elchisi Mansurbek Qilichev bilan intervyu e'lon qildi, deb xabar qilmoqda "Dunyo" AA muxbiri
Elchi Mansurbek Qilichev suhbat avvalida Misr O'zbekistonning Afrika va Yaqin Sharqdagi muhim hamkori ekanini ta'kidlagan. Ma'lum qilinganidek, so'nggi yillarda yaqin siyosiy muloqot va o'zaro manfaatli savdo-iqtisodiy hamkorlik yangi pog'onaga ko'tarildi. "O'zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning 2023-yil fevral oyida Misrga amalga oshirgan tarixiy tashrifi ikki tomonlama hamkorlik rivojiga yangi sur'at bag'ishladi, buning natijasida ikki davlat vazirlik va idoralari o'rtasida 10 ga yaqin hujjatlar imzolan", – degan diplomat.
Intervyu davomida 2023-yilda Misr va O'zbekiston Prezidentlari uch marta telefon orqali muloqot qilgani hamda 2024-yil oktabr oyida Qozonda va joriy yil Moskvada uchrashgani ma'lum qilingan. Shuningdek, o'tgan yilning sentyabr oyida Toshkentda O'zbekiston tashqi ishlar vazirining birinchi o'rinbosari Baxromjon A'loyev va Misr tashqi ishlar vaziri yordamchisi Ahmad Shohin ishtirokida O'zbekiston va Misr tashqi ishlar vazirliklari o'rtasidagi siyosiy maslahatlashuvlarning 11-davrasi bo'lib o'tgani ta'kidlangan.
Intervyu davomida ikki davlat o'rtasidagi tovar ayirboshlash hajmi 2024-yilda 46,1 million dollarni, joriy yilning birinchi besh oyida esa 22,4 million dollarni tashkil qilgani ma'lum qilingan. "O'zbekistonning Misrga eksporti 11,2 million dollarni tashkil etdi. Eksport to'qimachilik va turizm xizmatlarini o'z ichiga oladi. Elektr jihozlari, mis va chorvachilik mahsulotlari savdosi sezilarli darajada oshdi", – deya qayd etadi mamlakatimiz rasmiy vakili.
Mansurbek Qilichev yangi sarmoyaviy ufqlarni ochish, tovar ayirboshlash hajmini oshirish va mavjud to'siqlarni bartaraf etish bo'yicha birgalikdagi sa'y-harakatlarni faollashtirish, o'zaro tovar ayirboshlash hajmini yaqin yillarda o'n barobar oshirishni maqsad qilib qo'yish zarurligini urg'ulagan.
"Qo'shma loyihalarga kelsak, "Nil shakari" kompaniyasi Jizzax viloyatining G'allaorol tumanida qand lavlagi yetishtirish va shakar yetishtirishning to'liq siklini tashkil etish bo'yicha qariyb 300 million dollarlik investitsiya loyihasini ishga tushirdi. Loyiha 50 ming gektar qurg'oqchil yerni o'zlashtirish va 100 gektar maydonda yillik quvvati 200 ming tonna shakar ishlab chiqarish quvvatiga ega zavod qurishni o'z ichiga oladi", – deyiladi materialda.
Shuningdek, "Orascom Investment" kompaniyasi konchilik va geologiya sohasida investitsiya loyihalarini amalga oshirishni rejalashtirayotgani va O'zbekistondagi istiqbolli konlarda, xususan, Navoiy viloyatidagi "Shimoliy Bukantau" mis konida geologik qidiruv ishlarini boshlab yuborgani ma'lum qilingan. Misrning "Bell Energy" kompaniyasi Toshkent viloyatidagi suv nasos stansiyalarini modernizatsiya qilish ishlarini olib bormoqda. "Al-Aseal" kompaniyasi bilan hamkorlikda Namangan va Jizzax viloyatlarida asalni qayta ishlash korxonasi qurish ishlari davom etmoqda. "Poly Serve", "Egy Triad", "Mena Pharma" va "EGSL" kabi Misrning yetakchi kompaniyalari bilan ham samarali hamkorlik yo'lga qo'yilgan.
Suhbatda turizm sohasidagi ikki tomonlama hamkorlikka alohida e'tibor qaratilgan. "2024-yilda Misrga O'zbekistondan 45 ming, joriy yilning dastlabki to'rt oyida esa 22 ming sayyoh kelgan. Ushbu davrda O'zbekistonga Misrdan 2600 nafar sayyoh borgan. Misrning mazkur yo'nalishdagi ilg'or tajribasini o'rganish O'zbekistonga turizm sohasini yanada rivojlantirishda muhim ahamiyat kasb etadi", – deya ta'kidlagan elchi Mansurbek Qilichev.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
So‘nggi yangiliklar
Barchasi
Mavzuga oid
“OIC Journal”: O‘zbekistonning qadimiy shaharlaridagi har bir toshda uzoq tarix mujassam
O‘zbekiston va Yaponiya hamkorlik munosabatlari Pokiston OAV diqqat markazida