O'zbekistonning uchta oliy ta'lim muassasasi Gamburg universitetining "O'qituvchilar tayyorlashda ijtimoiy va madaniy xilma-xillik" dasturiga qabul qilindi
Iyul 14, 2025. 16:05 • 2 daq
• 175
GAMBURG, 17-iyul. /"Dunyo" AA/. Germaniyaning Gamburg universiteti saytida O'zbekiston oliy o'quv yurtlari bilan hamkorlikka bag'ishlangan maqola e'lon qilindi, deb xabar qilmoqda "Dunyo" AA muxbiri.
Maqola avvalida yozilishicha, joriy yilning iyun oyida Gamburg universiteti vakillari amaliy safar bilan O'zbekistonda bo'ldi va O'zbekiston davlat jahon tillari universiteti hamda Toshkent iqtisodiyot va pedagogika universiteti rahbariyati bilan ikki tomonlama uchrashuvlar o'tkazildi.
"O'zbekiston oliy ta'lim muassasalari rahbariyati bilan bo'lib o'tgan muzokaralarda Gamburg universitetining pedagogika fakulteti bilan akademik almashinuvlar to'g'risida bitim imzolash va o'zaro manfaatli yo'nalishlarda hamkorlik qilish masalalari muhokama qilindi, – deyilgan nashrda. – Hamkorlik doirasida pedagogika yo'nalishda tahsil oladigan nemis talabalari uchun O'zbekiston oliy ta'lim muassasalarida amaliyot o'tash hamda talabalar va professor-o'qituvchilar o'rtasida o'zaro akademik almashinuvlar yo'lga qo'yiladi".
Nashrda, shuningdek, O'zbekiston davlat jahon tillari universiteti va Toshkent iqtisodiyot va pedagogika universiteti Gamburg universitetining "O'qituvchilar tayyorlashda ijtimoiy va madaniy xilma-xillik" (Diversity Contexts in Teacher Education) dasturiga yangi hamkor universitet sifatida qabul qilingani haqidagi ma'lumot o'quvchilar e'tiboriga taqdim qilingan.
Qayd etilishicha, mazkur dastur pedagogika yo'nalishida ta'lim olayotgan bakalavr bosqichi talabalariga xorijdagi oliy o'quv yurtlarida amaliyot o'tash, boshqa davlatlarning ta'lim tizimi bilan yaqindan tanishish va bo'lajak o'qituvchi sifatida xalqaro tajriba orttirish imkoniyatini beradi.
"2026-yildan boshlab Gamburg universitetining pedagogika yo'nalishidagi talabalari O'zbekistondagi hamkor universitetlarda to'rt-olti hafta davomida amaliyot o'taydilar", – deya urg'ulangan manbada.
Maqolada, shuningdek, Gamburg universiteti vakillari safar davomida nemis tili chuqur o'rgatiladigan Toshkent shahridagi 60- va 112-sonli maktablar faoliyati bilan tanishgani xabar qilingan.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
So‘nggi yangiliklar
Barchasi
Mavzuga oid
“OIC Journal”: O‘zbekistonning qadimiy shaharlaridagi har bir toshda uzoq tarix mujassam
O‘zbekiston va Yaponiya hamkorlik munosabatlari Pokiston OAV diqqat markazida