Logo

"An Nahar News" gazetasi: O'zbekiston kreativ turizmni faol rivojlantirmoqda

Iyul 05, 2025. 11:24 • 2 daq

56
"An Nahar News" gazetasi: O'zbekiston kreativ turizmni faol rivojlantirmoqda

AR-RIYOZ, 5-iyul. /"Dunyo" AA/. Saudiya Arabistonining ommabop "An Nahar News" gazetasi saytida "Kreativ turizm – O'zbekiston taraqqiyotiga xizmat qiluvchi kuch" sarlavhali maqola e'lon qilindi deb xabar qilmoqda "Dunyo" AA muxbiri.

"O'zbekiston madaniy va iqtisodiy siyosatning ustuvor yo'nalishlaridan biri sifatida kreativ turizmni faol rivojlantirmoqda,–deyilgan maqolada. Mazkur format mahorat darslari, hunarmandchilik mashg'ulotlari, gastronomik sayohatlar, san'at qarorgohlari va festivallarda ishtirok etishni o'z ichiga qamrab oladi. Bunday yondashuv mamlakatning xalqaro ijobiy qiyofasini mustahkamlash, ish o'rinlarini yaratish, kichik biznesni rivojlantirish va madaniy diplomatiyani targ'ib etishga xizmat qiladi".

Shuningdek, nashrda Venetsiya biyennalesida O'zbekiston yorug'lik va modernizmga bag'ishlangan "Ko'zlarni qamashtiruvchi nur" nomli pavilyonni taqdim etgani xabar qilingan. Loyiha me'moriy merosni asrab-avaylash borasidagi sa'y-harakatlarning mantiqiy davomi bo'lib, jahon san'at hamjamiyatida katta qiziqish uyg'otdi.

"2025-yil aprel oyida Osaka shahrida ochilgan "EXPO-2025" Butunjahon ko'rgazmasida O'zbekistonning "Bilimlar bog'i" nomli pavilyoni taqdim etilmoqda. Majmua hunarmandchilik, raqamli media, interfaol san'at va ilm-fanni birlashtirgan holda an'analar va innovatsiyalar uyg'unligi g'oyasini o'zida mujassam etgan", – deya urg'ulangan materialda.

Bundan tashqari, maqolada shu yil 7-avgust kuni Toshkentdagi "Bunyodkor" stadionida O'zbekiston tarixida ilk marotaba jahon estradasi yulduzi Jennifer Lopesning konserti bo'lib o'tishi haqidagi ma'lumot o'quvchilar e'tiboriga taqdim etilgan.

"Mutaxassislarning so'zlariga ko'ra, bunday darajadagi konsertning o'tkazilishi ochiqlik, xalqaro loyihalarga tayyorlik va O'zbekistonning rivojlangan madaniy infratuzilmaga ega zamonaviy va xavfsiz mamlakat sifatida tan olinishining alomatidir", – deyilgan maqolada.

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish