Logo

"Agnaden" gazetasi: Buxoro viloyati Jondor tumanida dam olish maskanlari va turizm qishlog'ini o'z ichiga olgan sayyohlik halqasi tashkil etiladi

Iyul 04, 2025. 11:37 • 2 daq

57
"Agnaden" gazetasi: Buxoro viloyati Jondor tumanida dam olish maskanlari va turizm qishlog'ini o'z ichiga olgan sayyohlik halqasi  tashkil etiladi

BAG'DOD, 4-iyul. / "Dunyo" AA/. Iroqning ommabop "Agnaden" gazetasida "Jondor tumanida turizmni rivojlantirishga qaratilgan uchrashuv bo'lib o'tdi" sarlavhali axborot materiali e'lon qilindi, deb xabar qilmoqda "Dunyo" AA muxbiri.

Unda Turizm qo'mitasi raisi Umid Shadiyev Buxoro viloyati Jondor tumanida mahalliy aholi va turizm sohasida faoliyat yuritayotgan tadbirkorlar bilan uchrashuv o'tkazgani haqida yozilgan.

"Uchrashuv davomida hududda turizm infratuzilmasini rivojlantirish, yangi turistik marshrutlar yaratish hamda mahalliy aholining bu sohadagi ishtirokini kuchaytirish masalalari muhokama qilindi. Tadbirkorlar o'z faoliyatida duch kelayotgan muammolar va takliflar bilan o'rtoqlashdi", – deb ta'kidlangan maqolada.

Ma'lum qilinishicha, tashrif davomida Turizm qo'mitasi raisi Jondor tumanidagi Ushot qishlog'ini "turizm qishlog'i"ga aylantirish borasida hududda amalga oshirilayotgan ishlar bilan ham tanishgan.

"Tuman hokimligi bilan hamkorlikda tumanning "Varaxsha" arxeologik yodgorligi, "Qizbibi" ziyoratgohi, "Zarafshon" sohilbo'yi dam olish maskani va "Ushot turizm qishlog'i"ni o'z ichiga olgan "turistik halqa" va 1-2 kunlik turistik dastur ishlab chiqishga kelishib olindi",– deya urg'ulangan materialda.

Shuningdek, nashrda, oilaviy mehmon uylarini tashkil qilish istagida bo'lgan mahalliy aholiga zarur yordam ko'rsatilayotgani ham qayd etilgan.

Maqola yakunida "Muloqot chog'ida tadbirkorlar va mahalliy hokimiyat vakillari bilan hamkorlikda amalga oshirilishi rejalashtirilgan loyihalar atroflicha o'rganildi. Turizm qo'mitasi tomonidan qo'llab-quvvatlanadigan dasturlar, grantlar va ta'lim imkoniyatlari haqida batafsil ma'lumotlar taqdim etildi. Bu uchrashuv Jondor tumanida turizmni yangi bosqichga olib chiqishga xizmat qiladi", – deb ta'kidlangan.

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish