Logo

"Al Harir" gazetasi: Shanxay hamkorlik tashkiloti O'zbekiston uchun o'z transport tashabbuslarini ilgari surish bo'yicha ideal maydon hisoblanadi

Sentabr 04, 2025. 14:03 • 2 daq

60
"Al Harir" gazetasi: Shanxay hamkorlik tashkiloti O'zbekiston uchun o'z transport tashabbuslarini ilgari surish bo'yicha ideal maydon hisoblanadi

AR-RIYOZ, 4-sentabr. /"DunyoAA/. Saudiya Arabistonining "Al Harir" gazetasida "Transkaspiy yo'nalishi va SHHT: O'zbekistonning mustahkamlanayotgan o'rni va istiqbollari" sarlavhali maqola e'lon qilindi, deb xabar qilmoqda "Dunyo" AA muxbiri.

Unda jahon savdosi va logistikasidagi global o'zgarishlar sharoitida Markaziy Osiyo mamlakatlari yangi transport yo'nalishlarini shakllantirishda hal qiluvchi bo'g'inga aylanayotgani qayd etilgan.

"Markaziy Osiyoning qoq markazida joylashgan O'zbekiston tarixan Shimoldagi qo'shnilariga qaram bo'lgan davlatdan yangi transqit'aviy yo'laklarning asosiy tuguniga aylanib bormoqda. Ushbu o'zgarish jarayonini ikkita asosiy omil belgilaydi: Shanxay hamkorlik tashkiloti (SHHT)dagi faol ishtirok va Transkaspiy yo'lining strategik ahamiyati. Ularning uyg'unligi O'zbekistonning mintaqaviy va xalqaro mavqeyini mustahkamlash uchun noyob imkoniyatlar yaratadi", – deb ta'kidlangan maqolada.

Nashrda yozilishicha, O'zbekiston uchun Transkaspiy yo'nalishi Kaspiy dengizi portlari va Janubiy Kavkaz mamlakatlari orqali Turkiyaga olib boradigan qo'shimcha logistika yo'lini ochadi. Keyinchalik u savdo geografiyasini kengaytirib, Yevropa bozorlariga chiqish imkonini beradi.

"Transkaspiy yo'nalishini rivojlantirishga qaratilgan islohotlar natijasida so'nggi 5 yil ichida O'zbekiston va Yevropa o'rtasida Kaspiy dengizi orqali tashilgan yuklar hajmi 4 barobar oshdi. 2025-yilning birinchi yarim yilligida O'zbekistonning Kaspiy dengizi orqali eksport-import yuk tashish hajmi qariyb 500 ming tonnani tashkil etdi, bu esa o'tgan yilning shu davriga nisbatan 7 foizga ko'pdir", – deya qayd etilgan manbada.

"Al Harir" elektron nashri yozganidek, Xitoy va Rossiya kabi yirik davlatlar, shuningdek, Markaziy Osiyo mamlakatlari, Hindiston, Pokiston va Eronni birlashtirgan Shanxay hamkorlik tashkiloti O'zbekiston uchun o'z transport tashabbuslarini ilgari surish maqsadida ideal maydon hisoblanadi.

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish