Logo

"Asdaa Oman" gazetasi: O'zbekiston o'zining mustaqil taraqqiyot yo'li bilan Osiyo ruhini aks ettirmoqda

Iyul 04, 2025. 12:04 • 2 daq

69
"Asdaa Oman" gazetasi: O'zbekiston o'zining mustaqil taraqqiyot yo'li bilan Osiyo ruhini aks ettirmoqda

MASKAT, 4-iyul. /"Dunyo" AA/. O'monning "Asdaa Oman" gazetasida "Osiyoning qalbi sivilizatsiya va islohotlar bilan urmoqda... O'zbekiston: o'tmish va hozirgi zamon o'rtasida" sarlavhali maqola chop etildi, deb xabar qilmoqda "Dunyo" AA muxbiri.

Maqolada O'zbekistonning boy tarixiy va madaniy merosi hamda zamonaviy rivojlanishi batafsil qalamga olingan.

Muallif O'zbekistonni tarix va bugungi kunni bog'lovchi ko'prik sifatida tavsiflaydi. U afsonaviy Ipak yo'li chorrahasida joylashgan O'zbekiston qadimiy Samarqand, Buxoro va Xiva kabi shaharlari bilan islom sivilizatsiyasining markazlaridan biridir, deya ta'kidlagan.

"Samarqandda dunyo tamadduniga munosib hissa qo'shgan buyuk olimlar izi saqlanib qolingan. Ushbu qadim kentda joylashgan "Bibixonim", "Shohi Zinda" va "Registon" kabi yodgorliklar nafaqat tarixiy, balki buyuk merosdir. Buxoro esa islom sivilizatsiyasidagi o'rni bilan mashhur. Bu yerda qadimda tasavvuf maktablari rivojlangan va Xoja Bahouddin Naqshband kabi allomalar yetishib chiqqan", –deb yozgan muallif.

Materialda, shuningdek, mustaqillikdan so'ng O'zbekistonda amalga oshirilgan iqtisodiy, huquqiy va ta'lim sohalaridagi islohotlarga alohida e'tibor qaratilgan. Xususan, Prezident Shavkat Mirziyoyev rahbarligida mamlakatda pragmatik va ochiq siyosat olib borilayotgani, respublika BMTning Barqaror rivojlanish maqsadlari bilan hamohang tarzda taraqqiy etayotgani alohida urg'ulangan.

Maqola "O'zbekiston nafaqat boy tarixi va madaniy merosi bilan balki zamonaviy taraqqiyot bilan ham namuna bo'lmoqda. Shuningdek, O'zbekiston o'zining mustaqil taraqqiyot yo'li orqali Osiyo ruhini aks ettirmoqda", – deb so'zlar bilan yakunlangan.

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish