Logo

"Sahm News" gazetasi: O'zbekiston o'z mustaqilligining 34 yilligini "Yangi O'zbekiston" bog'ida tantanali nishonladi

Sentabr 02, 2025. 12:38 • 2 daq

31
"Sahm News" gazetasi: O'zbekiston o'z mustaqilligining 34 yilligini "Yangi O'zbekiston" bog'ida tantanali nishonladi

AR-RIYOZ, 3-sentabr. /"DunyoAA/. Saudiya Arabistonining ommabop "Sahm News" gazetasida "O'zbekiston o'z mustaqilligining 34 yilligini nishonlamoqda: birlashgan xalq porloq kelajak qurmoqda" sarlavhali maqola e'lon qilindi, deb xabar qilmoqda "Dunyo" AA muxbiri.

Nashrda mamlakatimiz mustaqilligiga bag'ishlangan tantanali tadbir "Yangi O'zbekiston" bog'ida bo'lib o'tgani, unda davlatimiz rahbarining so'zlagan nutqi hamda o'zbek xalqining birlik ruhida istiqbolli kelajak sari qadam tashlayotgani qalamga olingan.

"O'zbekiston o'z mustaqilligining 34 yilligini "Yangi O'zbekiston" bog'ida nishonladi. Bu yerda xalqning birlik ruhi Prezident Shavkat Mirziyoyevning tantanali nutqida, yorqin aviashouda va Mustaqillik monumenti poyiga gulchambar qo'yish marosimida namoyon bo'ldi. Davlat arboblari, diplomatlar va keng jamoatchilik ishtirok etgan ushbu tadbirda shonli o'tmishni istiqbolli kelajak bilan bog'laydigan "Yangi O'zbekiston" konsepsiyasi o'z aksini topdi", – deb yozilgan maqolada.

Nashrda, shuningdek, Prezident Shavkat Mirziyoyevning O'zbekiston mustaqilligining o'ttiz to'rt yilligi munosabati bilan yo'llagan qutlovidan qo'yidagi iqtibos keltirilgan: "Bugun, mana shu ulug' ayyom kunlarida hammamiz bir hayotiy haqiqatni chuqur his etmoqdamiz. Yangi O'zbekiston g'oyasi asosida boshlagan ulkan islohotlarimiz tufayli mustaqillik bergan huquq va erkinliklarni har bir yurtdoshimiz o'z hayotida chuqur his qilib, bu imkoniyatlardan keng foydalanmoqda. Aynan ana shu ulug'vor g'oya asosida biz uch ming yillik boy tarix va madaniyatimizni qaytadan idrok etdik. Yurtimiz zaminidagi Birinchi va Ikkinchi Renessans an'analarini rivojlantirib, Uchinchi Renessans sari dadil amaliy qadamlar qo'ymoqdamiz. Ishonchim komil, bu yo'lda Yangi O'zbekiston davlati, Yangi O'zbekiston jamiyati buyuk tariximizni yangi – yanada yuksak Uyg'onish davri bilan bog'laydigan mustahkam ko'prik bo'lib xizmat qiladi.

"Sahm News" O'zbekistonda amalga oshirilgan muhim ijtimoiy o'zgarishlar haqidagi muhim ma'lumotlarni ham o'z o'quvchilari e'tiboriga taqdim qilgan. Jumladan, o'tgan sakkiz yil ichida O'zbekistonda 31 million kvadrat metrdan ortiq uy-joy qurilgani, kambag'allik darajasi esa 6,8 foizga kamayib, 2,5 milliondan ortiq oila manzilli ijtimoiy yordam olgani ta'kidlangan.

"Bu yilgi Mustaqillik kuni bayramlari nafaqat shonli o'tmishni yodga olish imkoniyati, balki O'zbekistonning boy tarix va yorqin kelajak o'rtasidagi mustahkam ko'prikka aylanishga intilishining yorqin tasdig'i bo'ldi", – deyilgan maqola xulosasida.

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish