Logo

Germaniya matbuotida O'zbekistonning iqtisodiy salohiyatiga bag'ishlangan tahliliy maqola e'lon qilindi

Noyabr 14, 2024. 10:19 • 2 daq

163
Germaniya matbuotida O'zbekistonning iqtisodiy salohiyatiga bag'ishlangan tahliliy maqola e'lon qilindi

BERLIN, 14-noyabr. /"Dunyo" AA/. Germaniyaning eng nufuzli "NTV" mediakonserni veb-saytida O'zbekistondagi islohotlarga bag'ishlangan tahliliy maqola e'lon qilindi, deb xabar qilmoqda "Dunyo" AA muxbiri.

"O'zbekiston 2016-yildan buyon katta muvaffaqiyat bilan liberallashuv va ochiqlik yo'lidan bormoqda. Ayniqsa, respublika nemis investorlarini tobora o'ziga jalb etmoqda. Mamlakatdagi rivojlanish hatto Germaniya Federal Kansleri Olaf Sholsni ham Samarqandga tashrifi chog'ida hayratga soldi", - deb yozadi maqola muallifi Svetlana Alekseyeva-Kryuger.


Uning fikricha, mamlakat so'nggi yillarda har qachongidan tez rivojlanayotgan hudud sifatida nom qozonmoqda. Joriy yilning sentyabr oyida GFR Federal kansleri katta iqtisodiy delegatsiya bilan O'zbekistonga tashrif buyurdi. "Prezident Shavkat Mirziyoyevning Germaniya yetakchi kompaniyalari va banklari vakillari bilan uchrashuvida kansler Olaf Shols O'zbekiston Germaniya uchun kelgusida ham eng muhim hamkor bo'lib qolishini, Samarqanddagi tashrif misolida jadal iqtisodiy taraqqiyotdan ikki tomonlama munosabatlar ham foyda ko'rishini ta'kidalagan edi", – deyiladi maqolada.


Yurtimizda amalga oshirilayotgan islohotlar haqida fikr bildirar ekan, nemis jurnalisti shunday yozadi: "O'zbekistonda katta burilishlar davri kechmoqda. Prezident Shavkat Mirziyoyev rahbarligi ostida keng qamrovli liberal islohotlarga, mintaqaviy hamkorlikni rivojlantirishga ham alohida e'tibor qaratilmoqda. Endilikda, Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlari С5 formatida muntazam uchrashib turadilar. Shuningdek, С5+1 formatidagi Germaniya, AQSH va boshqa davlatlar bilan sammitlar o'tkazib kelinmoqda".


Maqolada, shuningdek, mamlakatda ma'muriy islohotlar natijasida byurokratiya kamaytirilgani, soliq tizimi modernizatsiya qilinganligi, qo'shilgan qiymat solig'i stavkasining 12 foizga tushirilgani iqtisodiyotni rivojlantirishga katta turtki bo'lgani urg'ulanadi. Investitsiyalar bilan bog'liq masalalarni O'zbekiston Prezidenti huzuridagi Xorijiy investorlar kengashi bevosita hal qiladi.


Nashrda iqtisodiyotni yana-da rivojlantirish maqsadida davlat tomonidan xususiylashtirishga katta e'tibor qaratilayotgani, 1000 ga yaqin ko'chmas mulk hamda 250 ta yirik korxonalar va banklardagi davlat ulushlarini xususiylashtirish rejasi e'lon qilinganligi ta'kidlangan.


"Xorijiy investorlar va kompaniyalar uchun yaratilgan qulay muhit tufayli nemis kompaniyalarining O'zbekistonga qiziqishi yildan yilga ortib bormoqda. Birgina 2023-yilning o'zida Germaniyadan 1 milliard yevrodan ortiq qiymatda mashina va uskunalar, avtomobillar va kimyo mahsulotlari eksport qilingan. O'zbekistondan Germaniyaga oziq-ovqat va to'qimachilik mahsulotlari, metall yetkazib berish yo'lga qo'yilgan", – deyilgan maqolada.

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish