Logo

Xitoy ommaviy axborot vositalari O'zbekistonning turizm salohiyati va madaniy merosi haqida yozmoqda

Aprel 22, 2025. 10:37 • 2 daq

100
Xitoy ommaviy axborot vositalari O'zbekistonning turizm salohiyati va madaniy merosi haqida yozmoqda

PEKIN, 22-aprel./"Dunyo" AA/. Xitoyning yetakchi ommaviy axborot vositalari va ijtimoiy tarmoqlari O'zbekistonning boy sayyohlik salohiyati va noyob madaniy merosini faol yoritishda davom etmoqda, deb xabar bermoqda "Dunyo" AA muxbiri.

Xususan, Xitoyning yirik "Sohu" yangiliklar portalida O'zbekiston milliy oshxonasi va hunarmandchiligiga bag'ishlangan maqola e'lon qilindi.

Nashrning yozishicha, O'zbekiston xorijlik sayyohlar uchun mashhur manzilga aylanib bormoqda. Ma'lum qilinishicha, joriy yilning dastlabki ikki oyida mamlakatimizga 1 million 300 mingga yaqin xorijiy sayyoh kelgan bo'lsa, turizm maqsadida kelgan sayyohlar soni o'tgan yilning shu davriga nisbatan 361 ming 200 nafarga oshgan. Bundan tashqari, O'zbekiston "BBC Travel" ma'lumotlariga ko'ra, 2025-yil uchun dunyoning eng yaxshi 25 sayyohlik yo'nalishi ro'yxatiga kiritildi.

Maqolada O'zbekiston o'zining noyob tarixiy muhiti va zamonaviy infratuzilmasi tufayli sayyohlarni tobora ko'proq jalb qilayotgani qayd etilgan. Poytaxt sifatida Toshkent qadimiy arxitekturani zamonaviy yashash sharoitlari bilan uyg'unlashtirgan. Qulay bog'lar muhiti va boy gastronomik assortimentni taklif etadi, bu esa uni sayohatchilar uchun ideal manzilga aylantiradi. Samarqand, Buxoro, Xiva kabi tarixiy-madaniy shaharlar o'zining qadimiy madaniy yodgorliklari, boy tarixiy merosi bilan butun dunyodan sayyohlarni o'ziga tortadi.

"O'zbekistonning oshpazlik madaniyati boy va rang-barang bo'lib, uning asosiy taomi – palov ayniqsa butun dunyoda mashhur, – ta'kidlaydi Xitoy nashri. – Palov oddiy taom emas. Bu O'zbekiston ramzi, mehmondo'stlik va iliqlik timsoli, mahalliy madaniy merosning ajralmas qismidir. Bayram va to'y marosimlari yoki oddiy oilaviy tadbirlar ham palovsiz o'tmaydi".

Ma'lum qilinganidek, 2016-yilda o'zbek palovi YUNESKOning nomoddiy madaniy merosi ro'yxatiga kiritilgan.

O'zbekistonda kulolchilik san'ati ham uzoq tarixga ega. O'zbek kulollari tomonidan yaratilgan an'anaviy gul va geometrik naqshlar bilan bezatilgan ko'k-yashil rangdagi nafis idishlar juda mashhur. Yorqin ranglar va murakkab naqshlar mahalliy madaniyatni aks ettiradi.

Arxeologik topilmalar O'zbekistonda kulolchilik neolit ​​davridayoq mavjud bo'lganligini ko'rsatadi. Bugungi kunda o'zbek kulolchiligi qadimiy an'analarni saqlab, rivojlanishda davom etmoqda.

Qayd etilishicha, Rishton kulolchiligida ko'k, yashil va oq ranglarning boy tuslarini namoyish etuvchi tabiiy bo'yoqlardan ayniqsa keng foydalaniladi. Bu kulolchilik buyumlari nafaqat an'anaviy hunarmandchilik ko'rinishi, balki o'zbek xalqining go'zallik va san'atga bo'lgan o'ziga xos intilishlarini ham ifodalaydi.

"O'zbekiston jadal rivojlanayotgan turizm industriyasi tufayli ushbu qadimiy va betakror zamin bilan tanishish istagida bo'lgan xorijlik sayyohlarni tobora o'ziga rom etib bormoqda. Tarixiy madaniy diqqatga sazovor joylar, boy gastronomiya va nafis an'anaviy hunarmandchilik mahsulotlari sayyohlarni bu yerda uzoqroq qolishga undaydi", – deb yozilgan "Sohu" maqolasida.

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish