Xitoyning "Psearcher" jurnali: O'zbekiston Markaziy Osiyoda siyosiy barqarorlik, millatlararo totuvlik va do'stona muhit asoslarini mustahkamlamoqda
Dekabr 12, 2023. 12:15 • 3 daq
• 165
PEKIN, 12-dekabr. /"Dunyo" AA/. Xitoyning "Psearcher" jurnalida «O'zbekiston Markaziy Osiyoda siyosiy barqarorlik, millatlararo totuvlik va do'stona muhit asoslarini mustahkamlamoqda» sarlavhali maqola bosildi, deb xabar bermoqda "Dunyo" AA muxbiri.

Nashrda Buyuk ipak yo'li chorrahasida joylashgan O'zbekiston asrlar davomida boy madaniy-tarixiy merosi bilan Yevropa, Yaqin Sharq, Janubiy va Sharqiy Osiyoni bog'lovchi o'ziga xos ko'prik vazifasini bajarib kelgani qayd etilgan.
«O'zbekistonda hozir ham turli millat va elat vakillari bir oila farzandlaridek ahil va inoq yashab kelmoqda,- deyiladi maqolada. - O'zbekiston Konstitutsiyasida mustahkamlab qo'yilgan «Yagona O'zbekiston xalqi» tamoyili mamlakatda yashayotgan, mehnat qilayotgan turli millat va elat vakillari o'rtasida o'zaro hurmat, do'stlik va ahillik tuyg'ularini mustahkamlashda huquqiy va ma'naviy asos bo'lib xizmat qilmoqda.
Bundan tashqari, respublika Konstitutsiyasining 4-moddasida «O'zbekiston Respublikasi o'z hududida istiqomat qiluvchi millat va elatlarning tillari, urf-odatlari va an'analari hurmat qilinishini ta'minlaydi, ularning rivojlanishi uchun sharoit yaratadi»,- deya ta'kidlangan.
«O'zbekistonda hukm surayotgan tinchlik osoyishtalik, do'stlik va milliy birlik, o'zaro hurmat va millatlararo totuvlikning bebaho boyligidir, - deb yozgan Xitoy jurnali. - O'zbekiston Prezidentining «Millatlararo munosabatlar va xorijiy mamlakatlar bilan do'stlik aloqalarini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to'g'risida»gi farmoni bu boradagi muhim qadam bo'ldi».
"Psearcher" jurnalida bosilgan materialda ta'kidlanganidek, O'zbekiston Prezidentining siyosiy irodasi tufayli mamlakatda bag'rikenglik tamoyilini mustahkamlash, qo'shni davlatlar bilan yaqin do'stlik aloqalarini o'rnatish borasida g'oyat muhim ishlar amalga oshirildi.
«Prezident Shavkat Mirziyoyev tomonidan 2017-yil sentyabr oyida Nyu-Yorkda bo'lib o'tgan BMT Bosh Assambleyasining 72-sessiyasida ilgari surilgan tashabbusga ko'ra, Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlarining maslahat uchrashuvlarini muntazam o'tkazish amaliyoti yo'lga qo'yildi, - deya ma'lum qilgan bosma nashr. - O'zbekistonning qo'shni davlatlar bilan do'stlik va qardoshlik munosabatlari yangi sur'at kasb etib, butunlay yangicha mazmun kasb etdi».
Maqolada, shuningdek, BMT Markaziy Osiyoning beshta davlati tomonidan ilgari surilgan asosiy tashabbuslarni, xususan, yadro qurolidan xoli hududni barpo etish, terrorizmga qarshi kurashish, suvdan foydalanish masalalari bo'yicha konsensusga erishish va boshqa dasturlarni qo'llab-quvvatlagani xabar qilingan.
Markaziy Osiyo ulkan energetika salohiyati, tabiiy resurslari, transport va kommunikatsiya tarmoqlari bilan tobora ortib borayotgan geosiyosiy ahamiyat kasb etmoqda. So'nggi paytlarda mamlakatlar o'rtasidagi barcha sohalardagi hamkorlikning jadallashayotgani o'zaro tovar ayirboshlashning ko'payishi va ishbilarmon doiralar vakillari o'rtasidagi hamkorlikning mustahkamlanishida namoyon bo'lmoqda.
«O'tgan yetti yil ichida O'zbekistonning ichki va tashqi siyosatida jiddiy o'zgarishlar ro'y berdi. Bu haqda jahon hamjamiyati vakillari, xalqaro ekspert va siyosatchilar ham gapirmoqda. O'zbekistonning qo'shni davlatlar bilan do'stona munosabatlarini tiklashi, tarixiy aloqalarni yangicha sharoitda davom ettirishi o'zbek xalqining intilish va istaklarini namoyon etadi. Bu, o'z navbatida, Markaziy Osiyo mamlakatlari xalqlari o'rtasidagi do'stona munosabatlarning yanada mustahkamlanishida muhim omil bo'layotir», - deb yozgan "Psearcher".
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
So‘nggi yangiliklar
Barchasi
Mavzuga oid
“OIC Journal”: O‘zbekistonning qadimiy shaharlaridagi har bir toshda uzoq tarix mujassam
O‘zbekiston va Yaponiya hamkorlik munosabatlari Pokiston OAV diqqat markazida