Xitoyning yetakchi ommaviy axborot vositalari O'zbekiston Prezidentining to'rtinchi Toshkent xalqaro investitsiya forumidagi ishtiroki haqida
Iyun 12, 2025. 11:00 • 2 daq
• 53
PEKIN, 12-iyun /"Dunyo" AA/. Xitoyning yetakchi ommaviy axborot vositalari – "Sinxua" axborot agentligi, "Jenmin jibao" va "China Daily" gazetalari, "Kitay", "Lookwe" va "Psearcher" jurnallari hamda "china.org.cn" yangiliklar portalida O'zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning to'rtinchi Toshkent xalqaro investitsiya forumi yalpi majlisidagi ishtirokiga bag'ishlangan maqolalar chop etildi, deb xabar bermoqda "Dunyo" AA muxbiri.

Xitoy OAV yozganidek, forumda 7,5 mingdan ortiq delegatlar, jumladan, 100 ga yaqin davlatdan 3 mingga yaqin xorijiy mehmonlar ishtirok etmoqda. Bu galgi forum yangi, kengaytirilgan tarkibda o'tkazilmoqda. Uning doirasida ilk bor ixtisoslashtirilgan ko'rgazma tashkil etilib, unda O'zbekiston kompaniyalari o'z loyihalari va qo'shma tashabbuslari bilan ishtirok etmoqda.
O'zbekiston Prezidenti forumdagi nutqini jahondagi bugungi vaziyatni qisqacha tahlil qilishdan boshladi. Bugungi kunda geosiyosiy jarayonlar jadal o'zgarib borayotgani, global xavfsizlik va barqaror taraqqiyotga tahdidlar kuchayayotgani ta'kidlandi.
"O'zbekiston rahbari mintaqaviy mojarolar va muammolarni xalqaro huquq normalari va tamoyillari asosida, BMT rezolyutsiyalari asosida faqat diplomatik yo'llar bilan hal etish muhimligini ta'kidladi", – deb yozgan nashrlar.
Ta'kidlanganidek, O'zbekiston Prezidenti nafaqat daromad keltiradigan, balki inson qadr-qimmatini yuksaltiruvchi, uning hayotiy manfaatlari va jamiyat taraqqiyotini ta'minlaydigan mustahkam poydevor bo'lib xizmat qiladigan sarmoyaviy muhitni yaratishga chaqirdi.
"So'nggi 8 yil ichida mamlakat yalpi ichki mahsuloti ikki baravar oshdi. 2030 yilga borib bu ko'rsatkichni 200 milliard dollarga yetkazish maqsad qilingan. 2024-yilda investitsiyalar hajmi 35 milliard dollarga, eksport hajmi esa 27 milliard dollarga yetdi", — deya O'zbekiston Prezidentining so'zlaridan iqtibos keltirilgan materiallarda.
"Yashil" iqtisodiyotga qariyb 6 milliard dollar to'g'ridan-to'g'ri xorijiy investitsiyalar jalb qilindi. Elektr energiyasi ishlab chiqarish hajmi 59 milliard kilovatt-soatdan 82 milliard kilovatt-soatga oshdi. Yaqin 5 yilda bu ko'rsatkich 120 milliard kilovatt-soatdan oshadi, "yashil" energiya ulushi 54 foizni tashkil etadi.
"O'zbekistonda shunday ezgu g'oyalar bilan kelgan xorijiy investorlar uchun barcha zarur shart-sharoit yaratilgan va ularning faoliyatini har tomonlama qo'llab-quvvatlanadi va to'liq kafolatlanadi", – deb yozgan Xitoy OAV.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
So‘nggi yangiliklar
Barchasi
Mavzuga oid
“OIC Journal”: O‘zbekistonning qadimiy shaharlaridagi har bir toshda uzoq tarix mujassam
O‘zbekiston va Yaponiya hamkorlik munosabatlari Pokiston OAV diqqat markazida