Misr OAV: O'zbekistonda ilk bor og'ir texnika ishlab chiqarish boshlandi
May 26, 2025. 07:20 • 2 daq
• 254
KOXIRA, 26-may. /"Dunyo" AA/. Misrning "Axbarna" va "Misr Al-An" axborot agentliklari hamda "Mining.com" saytida O'zbekistonning yer osti boyliklariga bag'ishlangan maqolalar e'lon qilindi, deb xabar qilmoqda "Dunyo" AA muxbiri.

"O'zbekistonning Navoiy kon-metallurgiya kombinatiga qarashli "Muruntau" koni dunyodagi eng yirik oltin zaxirasiga egaligi bilan birinchi o'rinni band etdi. Zaxiralar taxminan 4 500 tonna deb baholanmoqda. 2024-yili bu kon dunyoda oltin ishlab chiqarish bo'yicha ikkinchi o'rinni egallab, 2 million 676 ming 2 unsiya oltin ishlab chiqargan", – deyiladi maqolada.
Xalqaro konchilik mutaxassisi va Muruntau kondagi 2-gidrometallurgiya zavodi direktori Jasur Abdullayevning aytishicha, Muruntau konining kashf etilishi XX asrning ikkinchi yarmida qimmatbaho metalllar sohasidagi eng muhim kashfiyotlardan biri sifatida xalqaro geologiya jamiyati tomonidan e'tirof etilgan. "Bu yutuqlar 2-gidrometallurgiya zavodining qurilishi va ishga tushirilishi bilan davom etdi — bu zavod dunyodagi eng yirik oltin ishlab chiqaruvchi korxonalardan biri hisoblanadi", – deya o'zbekistonlik mutaxassis so'zlaridan iqtibos keltirilgan nashrlarda.
Materialda O'zbekistonning Navoiy kon-metallurgiya kombinatiga oltin qazib chiqaruvchi kon, zamonaviy zavod, Amudaryodan Zarafshongacha cho'zilgan suv inshootlari va to'liq shakllangan sanoat shahrini o'z ichiga oladigan integral majmuani yaratish vazifasi yuklatilgani qayd etilgan. Shu bois bugungi kunda bu yirik loyiha O'zbekiston iqtisodiyotining asosiy ustunlaridan biriga aylangan.
Ma'lum qilinishicha, hozirgi paytda Muruntau konining chuqurligi 675 metrdan oshib ketgan bo'lib, maydoni 5 kilometrdan ortiq. Kon faoliyat yuritganidan beri taxminan 2 milliard kub metr ma'danli tosh qazib olingan. Hozirda konni 1 000 metr chuqurlikkacha kengaytirish loyihasi amalga oshirilmoqda.
"O'zbekistonda ilk bor og'ir texnika ishlab chiqarish boshlandi. Bu Navoiy mashinasozlik zavodi va Zarafshon ta'mirlash va texnik xizmat ko'rsatish zavodi hamkorligida amalga oshirilmoqda. Mazkur loyiha O'zbekistonning dunyodagi konchilik uskunalari sanoatidagi mavqeini yanada mustahkamlaydi" – deya xulosa qilinadi maqolada.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
So‘nggi yangiliklar
Barchasi
Mavzuga oid
“OIC Journal”: O‘zbekistonning qadimiy shaharlaridagi har bir toshda uzoq tarix mujassam
O‘zbekiston va Yaponiya hamkorlik munosabatlari Pokiston OAV diqqat markazida