Logo

Indoneziya OAV: O'zbekiston Ozarbayjon bilan birga 20 yoshgacha bo'lgan futbolchilar o'rtasidagi Jahon chempionatini qabul qilishga har tomonlama tayyor

Iyul 10, 2025. 07:30 • 2 daq

43
Indoneziya OAV: O'zbekiston Ozarbayjon bilan birga 20 yoshgacha bo'lgan futbolchilar o'rtasidagi Jahon chempionatini qabul qilishga har tomonlama tayyor

JAKARTA, 10-iyul. /"Dunyo" AA/. Indoneziyaning yetakchi ommaviy axborot vositalari O'zbekiston va Ozarbayjon 20 yoshgacha bo'lgan futbolchilar o'rtasidagi Jahon chempionatiga birgalikda mezbonlik qilish tashabbusini keng yoritmoqda, deb xabar qilyapti "Dunyo" AA muxbiri.

Jumladan, mazkur davlatning "Antara" milliy axborot agentligi, "Kalimantan post" va "Tugumalang" kabi elektron nashrlarida "O'zbekiston va Ozarbayjon 20 yoshgacha bo'lgan futbolchilar o'rtasidagi Jahon chempionatiga birgalikda mezbonlik qilish uchun ariza topshirdi" sarlavhali maqolalar e'lon qilindi.

Nashrlarda FIFA 2027-yilda bo'lib o'tadigan 20 yoshgacha bo'lgan futbolchilar o'rtasidagi Jahon chempionati (FIFA U-20 World Cup) mezbonligiga nomzodlarni ko'rib chiqishni boshlagani  xabar qilingan.

"O'zbekiston Futbol assotsiatsiyasi ma'lumotiga ko'ra, so'nggi yillarda turkiyzabon mamlakatlarda futbol sohasida amalga oshirilayotgan islohotlar, yaratilayotgan sharoitlar hamda xalqaro maydondagi nufuzdan kelib chiqqan holda, O'zbekiston va Ozarbayjon futbol uyushmalari yoshlar o'rtasidagi Jahon chempionati mezbonligini yuqori saviyada o'tkazishga ishonch bildirgan holda o'z qo'shma nomzodini ilgari surdi", – deyiladi maqolalarda.

Maqolalarda yozilganidek, bugungi kunda Ozarbayjon bilan birga O'zbekiston ham nufuzli musobaqani qabul qilishga har tomonlama tayyor. "So'nggi yillarda O'zbekistonda stadionlar xalqaro standartlarga mos ravishda tartibga keltirildi. Qo'shimcha ravishda, Osiyoning U-20, U-23 turnirlari, Markaziy Osiyo tarixida ilk bor o'tkazilgan futzal bo'yicha Jahon chempionati mezbonligi katta tajriba vazifasini o'tadi. Ushbu mezbonlik FIFA prezidenti Janni Infantino tomonidan tarixdagi eng yaxshi mundial sifatida e'tirof etildi", – deya urg'ulagan Indoneziya OAV.

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish