"Infozakon":Turizm O'zbekiston iqtisodiyotining yetakchi tarmoqlaridan biriga aylanib bormoqda
Mart 04, 2024. 17:18 • 2 daq
• 160
OSTONA, 4-mart. /"Dunyo" AA/. Qozog'istonning "Infozakon" onlayn portalida "Turizm O'zbekiston iqtisodiyotining yetakchi tarmoqlaridan biriga aylanib bormoqda" sarlavhali maqola joylashtirildi, deb xabar qilmoqda "Dunyo" AA muxbiri.

"O'zbekistonda turizm sohasi yuksalmoqda – uni rivojlantirish bo'yicha zarur chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda, – deyiladi nashrda. – Qayd etish kerakki, mamlakatda boshqa davlatlardan tashrif buyuruvchilar uchun viza tartibi soddalashtirilgan. Xususan, bugungi kunda 93 davlat fuqarolari uchun vizasiz, 56 davlat uchun elektron kirish vizasi, 47 davlat uchun besh kunlik tranzit vizasiz kirish, 76 davlat uchun turistik vizalar berishning soddalashtirilgan tartibi o'rnatildi".
Maqolada chet el fuqarolari uchun "Vatandosh", "Student visa", "Academic visa", "Medical visa" va "Pilgrim visa" kabi yangi turdagi vizalar joriy etilgani ma'lum qilingan.
Mamlakatga tashrif buyuruvchilar xavfsizligini ta'minlash maqsadida turistik politsiya tashkil etilgan. Shuningdek, aholining dam olishi uchun qulay sharoitlar yaratish maqsadida joylashtirish vositalaridagi o'rinlar soni 142 mingtaga yetkazildi, 70 ta yangi sayyohlik yo'nalishlari ochildi, oltita xususiy aviakompaniya o'z faoliyatini boshladi.
"Amirsoy" qishki oromgohi, "Afsonar vodiysi", "Zomin" va "Chorvoq" dam olish maskanlari ko'plab xorijlik mehmonlarning e'tiborini tortadigan xalqaro sayyohlik maskanlariga aylangan. Sayohatchilarni ayniqsa turistik qishloqlar o'ziga jalb qiladi. Ular mahalliy aholining an'anaviy turmush tarzini va ularning noyob hunarmandchiligini o'z ko'zlari bilan ko'rishga qiziqishadi", – deya ta'kidlanadi elektron nashrda.
Maqolada o'tgan yili Samarqand shahrida bo'lib o'tgan Butunjahon sayyohlik tashkiloti Bosh assambleyasining yubiley 25-sessiyasiga alohida e'tibor qaratilgan. Xabar qilinganidek, Markaziy Osiyo mintaqasi uchun ulkan tarixiy voqea bo'lgan mazkur xalqaro anjumanda dunyoning 140 dan ortiq davlatidan vakillar qatnadi. Tadbir davomida turizmni yanada rivojlantirish masalalari yuzasidan qizg'in muloqot va uchrashuvlar bo'lib o'tdi.
Bundan tashqari, Qozog'iston elektron nashri O'zbekistonning global tashabbuslari jahon hamjamiyati tomonidan qo'llab-quvvatlanayotganini urg'ulagan.
"26-fevral kuni Nyu-York shahrida BMT Bosh Assambleyasi O'zbekiston tashabbusi bilan "2027-yil - Xalqaro barqaror va yashovchan turizm yili" rezolyutsiyasini bir ovozdan ma'qulladi. Hujjatning bosh maqsadi O'zbekiston Prezidentining 2023-yil oktyabrida Samarqandda bo'lib o'tgan BMTning Jahon sayyohlik tashkiloti Bosh Assambleyasi sessiyasida turizm sohasining yangi muammolar va zamonaviy xatarlar oldida barqarorligi va moslashuvchanligi borasida bildirilgan fikrlariga asoslangan", – deb yozgan "Infozakon".
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
So‘nggi yangiliklar
Barchasi
Mavzuga oid
“OIC Journal”: O‘zbekistonning qadimiy shaharlaridagi har bir toshda uzoq tarix mujassam
O‘zbekiston va Yaponiya hamkorlik munosabatlari Pokiston OAV diqqat markazida