Logo

"El Mundo Financiero": BMT Davlat xizmati forumining O'zbekistonda o'tkazilishi – mamlakatga sohadagi islohotlarni namoyish etish imkonini beradi

Iyun 23, 2025. 19:44 • 2 daq

54
"El Mundo Financiero": BMT Davlat xizmati forumining O'zbekistonda o'tkazilishi – mamlakatga sohadagi islohotlarni namoyish etish imkonini beradi

MADRID, 23-iyun. /"Dunyo" AA/. Ispaniyaning yetakchi "El Mundo Financiero" onlayn nashrida "BMT Davlat xizmati forumining O'zbekistonda o'tkazilishi — mamlakat uchun tarixiy voqelikdir" sarlavhali maqola e'lon qilindi, deb xabar qilmoqda "Dunyo" AA muxbiri.

"23-25 iyun kunlari Samarqand shahrida BMTning Davlat xizmati forumi (UN Public Service Forum 2025) o'tkaziladi, – deyiladi nashrda. – Ushbu nufuzli xalqaro tadbir "2030-yilgacha besh yil: Barqaror kelajak uchun davlat xizmatlarini ko'rsatishni jadallashtirish" asosiy mavzusida tashkil etilmoqda".

Ma'lum qilinganidek, forum BMTning Iqtisodiy va ijtimoiy masalalar departamenti (UN DESA) va O'zbekiston hukumati tomonidan o'tkazilyapti. Forumning O'zbekistonda o'tkazilishi — mamlakat uchun sohadagi islohotlarini namoyish etish va baholash imkonini ham beradi.

"BMT Davlat xizmati forumi — davlat xizmatlarini samarali tashkil etish, innovatsiyalarni joriy etish va barqaror rivojlanish maqsadlariga erishish yo'lida davlatlar, xalqaro tashkilotlar, fuqarolik jamiyati vakillarini birlashtiradigan yirik xalqaro tadbirdir", – deya urg'ulangan materialda.

Shuningdek, nashrda O'zbekistonda 2017-yilda boshlangan tub islohotlar respublika davlat xizmati tizimida ham ijobiy o'zgarishlarga yo'l ochgani qayd etilgan.

"O'zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning tashabbusi bilan davlat fuqarolik hukumati transformatsiya qilindi. "Xalq davlat organlariga emas, davlat organlari xalqqa xizmat qilishi kerak", — degan hayotiy tamoyilidan kelib chiqib, O'zbekiston Prezidentining virtual qabulxonasi, Xalq qabulxonalari tashkil qilindi. Yangi tuzilma — "mahalla yettiligi" tizimi joriy etildi. Shuningdek, yuqori rahbarlik lavozimlariga zaxira tayyorlash amaliyoti qo'llanila boshlandi. Natijada, davlat va jamiyat o'rtasidagi munosabatlar yana-da demokratlashdi", – deyilgan manbada.

Ispaniya nashriga ko'ra, O'zbekiston davlat xizmatida e'tirof etishga loyiq amaliyot qo'lladi. Ijtimoiy davlat qurish bo'yicha tashabbuslar ko'rsatdi. "Inson qadri" markaziy masalasiga aylandi, inson kapitalini rivojlantirish davlatning birlamchi vazifasi sifatida tan olindi. Ushbu maqsadni amalga oshirish mexanizmlaridan biri sifatida "Mahalla yettiligi" unikal tuzilmasi shakllandi. Tuzilma davlat xizmatchilarining xalqqa yaqin bo'lishi, muammolarini joyida hal etish, ijtimoiy xizmat va yordam ko'rsatish maqsadida tashkil etildi. Hozirda "mahalla yettiligi"da qariyb 50 mingga yaqin davlat xizmatchilari faoliyat ko'rsatayotgani ham ahamiyatlidir.

Maqola xulosasida "O'zbekistonning Forumda ishtiroki va mezbonligi yuqoridagi kabi mamlakatning o'ziga xos tajribasini namoyon etish, shuningdek, davlat xizmati sohasini modernizatsiya qilish, raqamli transformatsiyani amalga oshirish va xalqaro hamjamiyat bilan hamkorlikni kuchaytirishda muhim qadam bo'ladi", – deb yozilgan.

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish