Logo

Javohir Sindorov — FIDE Jahon kubogi g'olibi!

Noyabr 27, 2025. 19:06 • 2 daq

283
Javohir Sindorov — FIDE Jahon kubogi g'olibi!

DEHLI, 27-noyabr. /"Dunyo" AA/. O'zbekistonlik grossmeyster Javohir Sindorov kecha Hindistonning Goa shtatida yakuniga yetgan shaxmat bo'yicha FIDE Jahon kubogi (FIDE World Cup 2025) g'olibligini qo'lga kiritdi, deb xabar bermoqda "Dunyo" AA muxbiri.

19 yoshli Javohir Sindorov xalqaro turnir davomida yorqin o'yin va mustahkam iroda namoyish etib, hal qiluvchi final uchrashuvida xitoylik grossmeyster Vey I ustidan tay-breykda g'alaba qozondi.

Bu yutuq O'zbekiston shaxmati uchun ulkan ahamiyatga ega.

Javohir Sindorov turnir tarixida FIDE Jahon kubogining eng yosh g'olibiga aylandi.

O'zbekiston shaxmatining yuksalayotgan yulduzi rasman 2026 yilgi nufuzli Jahon shaxmat toji uchun Da'vogarlar turnirida ishtirok etish huquqini ham qo'lga kiritdi.

Javohir yana bir hamyurtimiz Nodirbek Yoqubboyevni keskin ruhda o'tgan yarim final bahsida mag'lub etib, birinchi marta Jahon kubogi finalida ishtirok etishni kafolatladi.

Yosh o'zbekistonlikning muvaffaqiyati xalqaro matbuotda keng aks-sado bermoqda. Ommaviy axborot vositalari yangi g'olibning iste'dodi va salohiyatiga e'tibor qaratmoqda.

"The Indian Express" gazetasi Javohir Sindorovni "fenomen" deb atadi. Uning shaxmat dunyosini hayratga solgan muvaffaqiyati O'zbekiston yaqin yillarda "yosh hindistonlik vunderkindlar uchun eng katta chorlov"ga aylanayotganidan dalolat beradi, deb ta'kidladi.

"Times of India" nashri o'z hisobotida Javohir bugungi kunga qadar ushbu unvonni qo'lga kiritgan eng yosh o'yinchi bo'lganini qayd etdi.

Xalqaro shaxmat portallari ushbu yuksak natija O'zbekiston uchun "tarixiy yutuq" ekanini alohida ta'kidlamoqda.

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish