Pokiston OAV: O'zbekiston va Ozarbayjon yoshlar o'rtasidagi futbol bo'yicha jahon chempionatiga birgalikda mezbonlik qilishi mumkin
Iyul 13, 2025. 15:33 • 2 daq
• 44
ISLOMOBOD, 13-iyul. /"Dunyo" AA/. Pokistonning nufuzli ommaviy axborot vositalari O'zbekiston va Ozarbayjon 20 yoshgacha bo'lgan yoshlar o'rtasida futbol bo'yicha jahon chempionatiga birgalikda mezbonlik qilish uchun ariza topshirganini keng yoritmoqda, deb xabar qilyapti "Dunyo" AA muxbiri.

Jumladan, ushbu mamlakatning "Global News Pakistan" va "Diplomatic News Agency" axborot agentliklari, "Pakistan in the World" va "The Diplomatic Insight" jurnallari, "Islamabad Post", "Pakistan Today", "Daily Spokesman" va "Daily Big Digit" gazetalari, "The Gulf Observer", "The Europe Today", "Tashkent Urdu" va "World News" yangiliklar platformalarida mazkur mavzuga oid turkum maqolalar e'lon qilindi.
"FIFA arizalarni ko'rib chiqish jarayonini boshlab yuborgan, umumiy turkiy meros bilan bog'langan va sport sohasida jadal rivojlanayotgan har ikki davlat futbol infratuzilmasini isloh qilish, hamda xalqaro maydonda targ'ib qilishda sezilarli yutuqlarga erishgan", – deyilgan materiallarda.
Nashrlarda O'zbekiston va Ozarbayjon jahon darajasidagi turnirni o'tkazish uchun barcha zarur infratuzilma va tajribaga egaligi qayd etilgan.
"Xususan, O'zbekistondagi stadionlar xalqaro standartlarga muvofiq modernizatsiya qilindi. Mamlakat bir qator yirik musobaqalarni, jumladan, O'smirlar va yoshlar (U-20 va U-23) o'rtasidagi Osiyo chempionatlarini, shuningdek, Markaziy Osiyo tarixida birinchi marta futzal bo'yicha Jahon chempionatini muvaffaqiyatli o'tkazdi", – deb ta'kidlangan manbalarda.
Pokiston OAV, shuningdek, nomzod mamlakatlarning nafaqat texnik va tashkiliy tayyorgarligi, balki ularning futbolga bo'lgan muhabbati, mahalliy muxlislarning ishtiyoqi va g'ayratini ham alohida e'tirof etgan.
Maqolalar yakunida "O'zbekiston mazkur turnirga mezbonlik qilish istagi orqali yana bir bor butun dunyodan tashrif buyurgan mehmonlarni samimiy kutib olishga va kichik mundialni yuqori saviyada o'tkazishga tayyorligini bildirdi", – deya urg'ulangan.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
So‘nggi yangiliklar
Barchasi
Mavzuga oid
“OIC Journal”: O‘zbekistonning qadimiy shaharlaridagi har bir toshda uzoq tarix mujassam
O‘zbekiston va Yaponiya hamkorlik munosabatlari Pokiston OAV diqqat markazida