Logo

Pokiston OAV: O'zbekiston YUNESKO bilan hamkorlikda ta'lim, fan va sport sohalaridagi xalqaro me'yor va tamoyillarni izchil tarzda amalga joriy etib kelmoqda

Oktabr 27, 2025. 13:59 • 3 daq

38
Pokiston OAV: O'zbekiston YUNESKO bilan hamkorlikda ta'lim, fan va sport sohalaridagi xalqaro me'yor va tamoyillarni izchil tarzda amalga joriy etib kelmoqda

ISLOMOBOD, 27-oktyabr. /"Dunyo" AA/. Pokistonning "The Diplomatic Insight" va "Margalla Tribune" jurnallari, "Islamabad Post" va "Daily Ittehad" gazetalari, "World News Pakistan", "Diplomatic Affairs", "MNN News" va "Election Times" onlayn yangiliklar platformalarida oliy ta'lim, fan va innovatsiyalar vaziri Qo'ng'irotboy Sharipovning "O'zbekiston va YUNESKO: ta'lim, fan va madaniyat sohalaridagi hamkorlikning yangi bosqichi" sarlavhali maqolasi e'lon qilindi, deb xabar qilmoqda "Dunyo" AA muxbiri.

Nashrlar avvalida ta'kidlanganidek, bugungi kunda O'zbekiston xalqaro maydonda ta'lim, fan, madaniyat va innovatsiyalar sohasidagi hamkorlikni izchil rivojlantirar ekan, bu jarayonda YUNESKO bilan munosabatlar alohida o'rin tutadi. Mamlakat 1993-yilda YUNESKOga a'zo bo'lgan bo'lib, bu qadam milliy ta'lim tizimi, ilmiy salohiyat va madaniy merosni dunyo hamjamiyati bilan uyg'unlashtirish yo'lida muhim tarixi bosqich bo'ldi. 1996 yilda Toshkent shahrida YUNESKO vakolatxonasining ochilishi O'zbekiston va tashkilot o'rtasidagi munosabatlarni yangi bosqichga ko'tardi. Shuningdek, YUNESKO ishlari bo'yicha O'zbekiston Milliy komissiyasi faoliyati yo'lga qo'yilib, u barqaror hamkorlikni ta'minlab kelmoqda.

"O'zbekiston YUNESKO bilan hamkorlik jarayonida ta'lim, fan va sport sohalaridagi xalqaro me'yor va tamoyillarni izchil tarzda amalga joriy etib kelmoqda, – qayd etgan muallif. – Bu boradagi muhim qadamlardan biri — mamlakatimiz 1997-yilda ta'lim tizimida tenglik va adolatni ta'minlash g'oyalarini ilgari suradigan, 1960 yilda qabul qilingan "Ta'lim sohasida kamsitishga qarshi kurash to'g'risidagi konvensiya"ni ratifikatsiya qilganidir. O'sha yilning o'zidayoq O'zbekiston 1989-yilda qabul qilingan «Texnik va kasbiy ta'lim to'g'risidagi konvensiya"ga ham qo'shildi. Bu qadam yoshlarning zamonaviy kasb va malaka egasi bo'lish imkoniyatlarini kengaytirish, ta'limni hayot bilan chambarchas bog'lashga xizmat qildi".

Shu tariqa mazkur muhim qadamlar O'zbekistonning xalqaro ta'lim makonida o'z o'rnini mustahkamlashi, hamda inson salohiyatini rivojlantirishga qaratilgan siyosatini chuqur ifoda etadi. Ushbu hujjatlarga qo'shilish O'zbekistonning ta'lim sohasida tenglik va sifat, yoshlar salomatligi va sog'lom turmush tarzini ta'minlash, hamda kasbiy ta'limni jahon andozalariga mos ravishda takomillashtirish yo'lidagi qat'iy pozitsiyasini namoyon etadi.

Muallifga ko'ra, ayni paytda mamlakatimiz YUNESKOning Oliy ta'lim sohasida malakalarni tan olish to'g'risidagi global konvensiyasiga qo'shilish bo'yicha amaliy ishlar olib bormoqda. Ushbu konvensiya xalqaro ta'lim tizimini yaqinlashtirish, diplom va malakalarni o'zaro e'tirof etish, talabalar va olimlar mobilligini kengaytirishni ko'zda tutadi. Bu tashabbus mamlakatimiz oliy ta'lim tizimini xalqaro miqyosda yanada ochiq va raqobatbardosh etishga, chet el universitetlari bilan hamkorlikni kengaytirishga hamda o'zbekistonlik bitiruvchilarning xalqaro mehnat bozorida munosib o'rin egallashlariga xizmat qiladi.

Pokiston OAVda e'lon qilingan maqolalarda yozilganidek, "O'zbekiston YUNESKO bilan hamkorlikda ta'lim va fan sohasidagi ilg'or g'oyalarni hayotga tatbiq etish, xalqaro standartlarga muvofiq malakali mutaxassislar tayyorlash yo'lida izchil sa'y-harakatlarni amalga oshirib kelmoqda. Bu jarayonda mamlakat nafaqat a'zo davlat sifatida, balki ilmiy-innovatsion tashabbuslarni ilgari surayotgan faol hamkor sifatida namoyon bo'layotir".

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish