Logo

Pokiston OAV O'zbekistonning qishloq turizmi salohiyati haqida yozmoqda

May 27, 2025. 13:30 • 2 daq

54
Pokiston OAV O'zbekistonning qishloq turizmi salohiyati haqida yozmoqda

ISLOMOBOD, 27 may. /"Dunyo" AA/. Pokistonning yetakchi ommaviy axborot vositalari O'zbekistonning qishloq turizmi salohiyatini, kichik turizm qishloqlarining o'zgacha madaniyati, urf-odati va betakror tabiatini keng yorityapti, deb xabar qilmoqda "Dunyo" AA muxbiri.

Jumladan, mazkur mamlakatning "Global News Pakistan" va "Diplomatic News Agency" axborot agentliklari, "Pakistan in the World" jurnali, "Islamabad Post" gazetasi, "The Gulf Observer", "The Europe Today" va "World News" yangiliklar onlayn platformalarida Surxondaryo viloyatidagi Sangardak, Omonxona va Namangan viloyatidagi Chodak qishloqlari to'g'risida turkum maqolalar e'lon qilindi.

Ularda O'zbekistonning qishloq turizmi salohiyati sayyohlar uchun ochilmagan o'ziga xos qirralari haqida so'z yuritgan. Xususan, Surxandaryo viloyatining go'zal tabiati, betakror sharsharalari, toza havosi va mehmondo'st xalqi haqidagi iliq taassurotlarni qalamga olgan.

Nashrlarda Sangardak, Omonxona va Chodak kabi muhim sayyohlik manzillari haqidagi ma'lumotlarga alohida to'xtalib o'tilgan. Ushbu joylarning fusunkor tabiati, urf-odatlari, shifobaxsh suvlari va turistik salohiyati har qanday sayyohni maftun etishi urg'ulangan.

Materiallarda Surxondaryo viloyatidagi Sangardak sharsharasi hamon turistik marshrutlar soyasida qolayotgan tabiat mo'jizasi ekanligi ta'kidlangan. Bu yashirin marvarid ona tabiat bilan yolg'iz qolishni va haqiqiy sarguzashtlarni xushko'radiganlarni o'ziga ohangrabodek tortadi. Sharshara tog' qoyasidan otilib tushadi, uning suvi yoz fasllarida ko'payadi, kuzdan boshlab kamaya boshlaydi. Mahalliy aholining aytishicha, uning zilol suvi tog'lardagi muzliklarning erishidan oqib keladi.

"Surxandaryo viloyatining go'zal tog'lari qo'ynida ajoyib maskan- Omonxona joylashgan. Bu shunchaki qishloq emas, balki tabiat, tarix va inson ruhining noyob uyg'unligidir. Omonxona – sehrli go'zallik, shifobaxsh buloqlar, qadimiy an'analar va samimiy mehmondo'stlik timsolidir. Omonxona O'zbekistonning sayyohlik xaritasidan haqli ravishda majburiy tashrif buyuriladigan joy sifatida o'rin olishga loyiqdir" , – deyilgan maqolalarda.

Shuningdek, nashrda O'zbekistondagi Chodak 4000 yildan ortiq tarixga ega bo'lgan abadiy qishloq, boy madaniy merosini hayratlanarli tabiat go'zalligi bilan uyg'unlashtirgan maskan sifatida ta'riflanadi. Hudud o'z urf-odatlari, qishloq hayoti, an'anaviy bog'dorchilik va dehqonchilik usullarini saqlab qolgani qayd etiladi.

Pokiston OAV o'z xulosasida "Sangardak, Omonxona va Chodak shunchaki xaritadagi nuqtalar emas – bu yana va yana qaytib kelgingiz keladigan maskan. Ular bizga eng muhimi oddiylikdagi go'zallik, tabiat kuchi va mamlakat ruhi eng samimiy joylarda kashf etilishini eslatib turadi", – deb yozgan.

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish