Logo

O'zbekistonda kitob o'qishni ommalashtirish masalasi Janubiy Koreya ommaviy axborot vositalari nigohida

Iyul 18, 2024. 16:14 • 2 daq

200
O'zbekistonda kitob o'qishni ommalashtirish masalasi Janubiy Koreya ommaviy axborot vositalari nigohida

SEUL, 18-iyul. /"Dunyo"AA/. Janubiy Koreyaning yetakchi nashrlarida biri "The Korea Post" jurnallari rasmiy saytida mamlakatimizda kitob o'qishni ommalashtirish borasida amalga oshirilayotgan ishlarga bag'ishlangan maqola e'lon qilindi, deb xabar qilmoqda "Dunyo" AA muxbiri.

Unda qayd etilishicha, kutubxonalar ta'lim, madaniyat va jamiyat rivojlanishida muhim rol o'ynaydi, bilimga kirish, madaniy merosni saqlash va aqliy o'sishni ta'minlash uchun bebaho manba hisoblanadi. Zamonaviy axborot jamiyatida ular har yoshdagi odamlarning ta'lim olishi va o'z-o'zini rivojlantirishiga ko'maklashuvchi muhim institut bo'lib qolmoqda.

Hozirgi bosqichda ta'lim davlat siyosatidagi eng muhim yo'nalishlardan biriga aylandi. Uning mamlakat ravnaqida tutgan o'rnini tan olgan holda, O'zbekiston hukumati bu sohani rivojlantirishga alohida e'tibor qaratmoqda. So'nggi yillarda mamlakat ta'lim sohasida sezilarli yutuqlarga erishdi. Bu yutuqlar tizimni modernizatsiya qilish, ta'lim sifatini yaxshilash va kadrlar tayyorlashni takomillashtirish, shuningdek, davlatning barcha fuqarolari uchun ta'lim olish imkoniyatini kengaytirishga qaratilgan.

O'z navbatida, "O'zbekiston – 2030" strategiyasi doirasida o'zbek va jahon adabiyoti durdonalarini ommalashtirishga, aholida kitob o'qishga bo'lgan muhabbatni uyg'otish va barcha uchun kutubxona va axborot xizmatlaridan foydalanish imkoniyatini ta'minlashga alohida e'tibor qaratilgan.

"O'zbekiston – 2030" strategiyasida asosiy maqsadlar sifatida yosh kitobsevarlar sonini besh millionga yetkazish, har yili 100 ta badiiy asar va bolalar hamda o'smirlar uchun 50 ta kitob yaratish, "O'zbek adabiyoti xazinasidan" ko'p jildlik va "Jahon bolalar adabiyoti durdonalari" 100 jildligini o'zbek tilida nashr etish hamda qariyb 40 millionga yaqin kitob fondini raqamlashtirish belgilangan.

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish