Hindistonning yetakchi nashri muharririga "Oltin qalam" mukofoti topshirildi
Sentabr 20, 2025. 09:36 • 2 daq
• 100
DEHLI, 20-sentabr. /"Dunyo" AA/. Janubiy Osiyo Xalqaro muxbirlar klubida (Foreign Correspondents' Club of South Asia - FCC) "Business India" jurnali maslahatchi muharriri Yeshi Seliga "Oltin qalam" mukofotini tantanali topshirish marosimi bo'lib o'tdi, deb xabar qilmoqda "Dunyo" AA muxbiri.

Taniqli hind jurnalisti joriy yil o'tkazilgan "Oltin qalam" XIX Milliy mukofoti uchun xalqaro tanlovda "Chet ellik jurnalistning O'zbekiston haqidagi eng yaxshi materiali uchun" nominatsiyasi bo'yicha 2-o'rinni qo'lga kiritgan edi.
FCC prezidenti Vail Avvad O'zbekistonda so'nggi yillarda amalga oshirilayotgan yangilanish jarayoni xalqaro maydonda, jumladan, Hindistonda ham katta qiziqish uyg'otayotgani, bu esa, o'z navbatida, chet el ommaviy axborot vositalari sahifalarida Yangi O'zbekiston haqida turkum materiallar chop etilishiga sabab bo'layotganini ta'kidladi.
O'zbekiston elchixonasi vakillari o'zbek va hind xalqlari o'rtasidagi ildizlari asrlarga borib taqaladigan an'anaviy do'stlik rishtalarini yangi bosqichga ko'tarish borasidagi sa'y-harakatlarda jurnalistlar va ommaviy axborot vositalari xodimlarining alohida o'rni borligini qayd etdi.
Joriy yilgi xalqaro tanlovda 500 dan ortiq jurnalist, jumladan, xorijlik muxbirlar 7 ming 100 dan ziyod maqola va boshqa janrlardagi materiallar bilan qatnashganiga e'tibor qaratildi.
Xorij ommaviy axborot vositalari vakillari taqdim etgan ijodiy ishlarda mamlakatimizda amalga oshirilayotgan keng ko'lamli islohotlar natijalari, xususan, ijtimoiy-iqtisodiy sohada erishilayotgan yutuqlar, yurtimizning eksport va turizm salohiyati, aholi uchun yaratilayotgan qulayliklar keng yoritib o'tilgani bildirildi.
Shundan so'ng "Business India" jurnali maslahatchi muharriri Yeshi Seliga "Oltin qalam" mukofoti tantanali tarzda topshirildi.
– "Oltin qalam" mukofoti uchun juda minnatdorman, – deydi Yeshi Seli. – Hindiston va O'zbekiston hamkorligi haqida maqolalar yozish men uchun katta sharaf. Ushbu jarayonda juda ko'p narsalarni o'zim uchun kashf qildim. Mamlakatlarimiz o'rtasidagi tarixiy aloqalar bugun mustahkam savdo-iqtisodiy munosabatlar bilan rivoj topmoqda. O'zbekistonda 350 dan ortiq hind kompaniyasi faoliyat yuritmoqda, qator hind universitetlari o'z kampuslarini ochgan. Shuningdek, minglab hindistonlik yoshlar O'zbekistonda ta'lim olmoqda. Ishonamanki, ikki tomonlama aloqalar yanada mustahkamlanib boraveradi.
Tadbir ishtirokchilari O'zbekiston va Hindiston hamkorligining istiqbollari xususida o'zaro fikr almashdi.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
So‘nggi yangiliklar
Barchasi
Mavzuga oid
“OIC Journal”: O‘zbekistonning qadimiy shaharlaridagi har bir toshda uzoq tarix mujassam
Kuvayt OAV: O‘zbekiston turistlar uchun jozibali mamlakatga aylanmoqda