Logo

"Sada al-Balad" AA: O'zbekistonning "C5+1"dagi faol ishtiroki AQSh bilan ikki tomonlama sheriklikni chuqurlashtirish siyosati bilan uyg'undir

Noyabr 07, 2025. 14:21 • 2 daq

84
"Sada al-Balad" AA: O'zbekistonning "C5+1"dagi faol ishtiroki AQSh bilan ikki tomonlama sheriklikni chuqurlashtirish siyosati bilan uyg'undir

QOHIRA, 8-noyabr. /"Dunyo" AA/. Misrning nufuzli "Sada al-Balad" axborot agentligida "O'zbekiston–AQSh: strategik sheriklik mintaqalararo hamkorlik drayveri sifatida" sarlavhali maqola e'lon qilindi, deb xabar qilmoqda "Dunyo" AA muxbiri.

Maqolada ta'kidlanishicha, shu yil 4-noyabr kuni O'zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning amaliy tashrif bilan AQShga borishi hamda Markaziy Osiyo mamlakatlari va AQSh yetakchilarining "C5+1" formatidagi sammiti doirasida AQSh Prezidenti Donald Tramp, Senat va Kongress vakillari, turli vazirlik va idoralar rahbarlari bilan uchrashuvlar o'tkazishi ikki davlat o'rtasidagi hamkorlik aloqalarini yanada mustahkamlaydi.

"2015-yil noyabr oyida Samarqandda ishga tushirilgan "C5+1" formati mintaqaviy taraqqiyot, iqtisodiy barqarorlik, ekologiya, energetika va xavfsizlik masalalarida hamkorlik va muvofiqlashtirishning muhim mexanizmiga aylandi. Uning asosiy maqsadi – doimiy diplomatik muloqotni yo'lga qo'yish, dolzarb masalalar yuzasidan fikr almashish, transport va energetik bog'liqlikni mustahkamlash, savdo, biznes va gumanitar hamkorlikni rivojlantirishdir" – deyiladi materialda.

 Shuningdek, "Sada al-Balad" AAda O'zbekiston "C5+1" formatida faol va konstruktiv pozitsiyani egallagani haqida alohida so'z yuritilgan. Xususan, o'zaro hamkorlikning institutsionallashuvi, chegara xavfsizligini mustahkamlash, iqlim va ekologik muammolarga qarshi kurashishni faollashtirish, savdo, investitsiyalar, transport va energetika yo'nalishlaridagi loyihalarni davom ettirib, Afg'onistonga oid tashabbuslarni qo'llab-quvvatlab kelmoqda. Rasmiy Toshkent ilgari surgan ko'plab tashabbuslar, xususan "C5+1 virtual kotibiyati"ni tashkil etish (2021), TIFA doirasidagi uchrashuvlar (2023-yil mart, Samarqand), sun'iy intellekt va ta'lim sohalaridagi loyihalarni jadallashtirish (C5+1) kabi takliflar amaliy hayotga tatbiq etildi.

Ushbu ko'p tomonlama tashabbuslarning amaliy natijalari ham yaqqol ko'zga tashlanmoqda. Mintaqaviy hamkorlikning mustahkamlanishi yangi eksport yo'nalishlarini ochdi, investitsion jozibadorlikni oshirdi, ekspertlar o'rtasida bilim almashish platformalarini yaratdi, bu esa Markaziy Osiyoda barqarorlikni ta'minlashga xizmat qildi.

O'zbekistonning "C5+1"dagi faol ishtiroki AQSh bilan ikki tomonlama sheriklikni chuqurlashtirish siyosati bilan uyg'undir. Hamkorlik siyosat, xavfsizlik, iqtisodiyot, fan va madaniyat kabi barcha yo'nalishlarda jadal rivojlanmoqda.

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish