Logo

Said Elbanna: Markaziy Osiyo mamlakatlari raqobatdan hamkorlikka o'tmoqda

Noyabr 18, 2025. 15:54 • 3 daq

43
Said Elbanna: Markaziy Osiyo mamlakatlari raqobatdan hamkorlikka o'tmoqda

DOHA, 18-noyabr. /"Dunyo" AA/. Qatar universitetining Tadbirkorlik va tashkiliy mahorat markazi direktori Said Elbanna "Dunyo" AA uchun intervyusida Toshkent shahrida o'tkazilgan Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlarining Maslahat uchrashuvlari haqida fikr bildirdi:

– Markaziy Osiyoda ro'y berayotgan o'zgarishlarni kuzatar ekanman, mintaqa o'ziga xos tarixiy bosqichni boshdan kechirayotgani ayon bo'ladi. Markaziy Osiyo bugungi kunda o'zining pragmatik, real natijaga yo'naltirilgan va xalqaro hamkorlik uchun ochiq bo'lgan integratsiya modelini shakllantirmoqda. Va bu jarayonlarning asosiy katalizatori, shubhasiz, O'zbekiston hisoblanadi. Aynan Prezident Shavkat Mirziyoyevning yetakchiligi mintaqaviy munosabatlarga yangi sur'at bag'ishladi, ishonch, siyosiy ochiqlik va kelajak uchun umumiy mas'uliyat asoslarini yaratdi.

Bugun biz ko'rib turgan iqtisodiy transformatsiya xalqaro ekspertlar nuqtai nazaridan ham hayratlanarli. Yalpi ichki mahsulotning tobora o'sishi, o'zaro savdoning ikki barobar ko'payishi, qo'shma investitsiyalarning jadal o'sishi – bularning barchasi tasodifiy jarayonlar emas, balki integratsiya sari maqsadli harakat natijasidir. O'zbekiston ochiq iqtisodiy muhitni shakllantirish, tadbirkorlik va xorijiy kapital oqimi uchun qulay sharoitlar yaratish orqali ushbu dinamikaning eng muhim drayverlaridan biriga aylandi.

Mintaqa mamlakatlari raqobatdan hamkorlikka o'ta olgani, ayniqsa, muhim ahamiyatga ega. Qo'shma energetika va sanoat loyihalari – Qambarota GES-1 dan tortib Zarafshondagi yangi GESlargacha Markaziy Osiyo iqtisodiy imkoniyatlar yagona makoniga aylanib borayotganining yorqin tasdig'idir. Bir paytlar keskinlik manbai bo'lgan suv diplomatiyasi bugungi kunda pragmatik va o'zaro manfaatli hamkorlik namunasiga aylanmoqda. Barqaror texnologiyalar va "yashil" energetikani rivojlantirishga katta e'tibor qaratayotgan Qatar uchun bu hamkorlikning keng ufqlarini ochadi.

Transport jihatidan o'zaro bog'liqlikni rivojlantirishni ham bundan kam bo'lmagan muhim yo'nalish, deb bilaman. Transafg'on temir yo'li kabi loyihalar Yevroosiyo iqtisodiy xaritasini o'zgartirib, savdo va investitsiyalar uchun yangi imkoniyatlar ochishi mumkin. O'zbekiston logistika infratuzilmasini va mintaqa mamlakatlari bilan hamkorlikni faol rivojlantirib, bu borada muhim rol o'ynamoqda. Qatar biznesi uchun bunday tashabbuslar ham logistika, ham infratuzilmani moliyalashtirish sohasida katta qiziqish uyg'otadi.

Bugungi kunda Markaziy Osiyo investorlar, tadqiqotchilar va biznes uchun yangi jozibador markazga aylandi. Bunga ko'p jihatdan O'zbekiston olib borayotgan ochiqlik va konstruktiv hamkorlik siyosati tufayli erishildi. Ishonchim komilki, Markaziy Osiyo o'z salohiyatini endigina namoyon etmoqda. Bugun yaratilayotgan poydevorlar mustahkam iqtisodiy o'sish, barqaror o'zaro aloqalar va millionlab odamlar uchun yangi imkoniyatlar debochasi bo'ladi.

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish