Malayziya OAV: O'zbekiston so'nggi yillarda yosh iqtidorli futbolchilarni kashf etish uchun katta sarmoya kiritmoqda
Iyun 15, 2025. 11:38 • 2 daq
• 33
KUALA-LUMPUR, 15-iyun. /"Dunyo AA/. Malayziyaning yetakchi "New Straits Times" va "The Star" nashrlarida "O'zbekiston jahon chempionati yo'llanmasini qo'lga kiritgach, muvaffaqiyatning shirin ta'mini tatib ko'rmoqda" sarlavhali maqolalar chop etildi, deb xabar qilmoqda "Dunyo" AA muxbiri.

Ularda "Oq bo'rilar" joriy yilning 5-iyun kuni Birlashgan Arab Amirliklarida 0:0 hisobida durang natija qayd etib, kengaytirilgan 48 jamoadan iborat 2026-yilgi Jahon chempionati yo'llanmasini qo'lga kiritgani ma'lum qilingan.
Maqolalarda O'zbekiston 1991-yilda mustaqillikka erishganidan so'ng, hozirgacha yetti marta mundial uchun kechgan qit'a saralash bahslarida uchinchi o'rindan yuqoriga ko'tarila olmagani ta'kidlangan.
Nashrlarda yozilishicha, so'nggi yillarda O'zbekiston Futbol assotsiatsiyasi jahon arenasiga so'nggi qadamni qo'yish uchun yosh iqtidorlarni kashf etishga katta sarmoya kiritmoqda. Qayd etilganidek, xususan, terma jamoa bosh murabbiyi Timur Kapadze tarkibni yosh avlod futbolchilar, jumladan, "Manchester Siti"ning 21 yoshli markaziy himoyachisi Abduqodir Husanov bilan kuchaytirdi.
"Uzoq va mashaqqatli yo'l bosib, muhim natijaga erishdik. Bu natija uchun ko'p mehnat qilindi. Xalqimizni chin dildan tabriklayman. Bu nafaqat bizning, balki butun xalqimizning g'alabasi. Futbolchilarimiz har bir uchrashuvda qat'iyat ko'rsatishdi, bor shiddatimiz bilan ishladik va natijaga erishdik", – deya Timur Kapadze so'zlaridan iqtibos keltirilgan manbalarda.
Futbolchi sifatida O'zbekiston terma jamoasi safida 119 marta maydonga tushib, o'tgan yilgi Olimpiya o'yinlarida 23 yoshgacha bo'lgan terma jamoani boshqargan Kapadze, yanvar oyida O'zbekiston milliy terma jamoasi bosh murabbiy etib tayinlandi, deb ta'kidlangan nashrlarda.
Malayziya OAV BAA bilan o'tgan shiddatli o'yindan so'ng O'zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev sportchilarni tarixiy g'alaba bilan shaxsan o'zi telefon orqali tabriklaganiga alohida e'tibor qaratgan.
"Osiyoning eng kuchli jamoalari bilan bo'lgan murosasiz bahslarda sizlar o'zligingizni, bukilmas iroda va professionallingizni namoyon etdingiz", – deya davlatimiz rahbari so'zlaridan iqtibos keltiriladi maqolalarda.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
So‘nggi yangiliklar
Barchasi
Mavzuga oid
“OIC Journal”: O‘zbekistonning qadimiy shaharlaridagi har bir toshda uzoq tarix mujassam
O‘zbekiston va Yaponiya hamkorlik munosabatlari Pokiston OAV diqqat markazida