Logo

O'zbekiston va XXR o'rtasidagi madaniy hamkorlik aloqalari Xitoy ommaviy axborot vositalari diqqat markazida

Sentabr 05, 2025. 17:09 • 2 daq

43
O'zbekiston va XXR o'rtasidagi madaniy hamkorlik aloqalari Xitoy ommaviy axborot vositalari diqqat markazida

PEKIN, 7-sentabr. /"Dunyo" AA/. Xitoyning "Lookwe" jurnalida "O'zbekiston va Xitoy: hamkorlikni chuqurlashtirish va Ipak yo'li merosini qayta tiklash" sarlavhali maqola chop etildi, deb xabar bermoqda "Dunyo" AA muxbiri.

Nashrda ta'kidlanishicha, bugungi kunda O'zbekiston va Xitoy "Ipak yo'li merosi" loyihasi doirasida madaniy hamkorlikni chuqurlashtirmoqda. O'zbekistonning Samarqand, Buxoro kabi shaharlari va Xitoy shaharlari o'rtasida muntazam ravishda anjumanlar, ko'rgazmalar, san'at festivallari o'tkazib kelinmoqda. "Bir makon, bir yo'l" tashabbusi madaniy diplomatiya va turizmni rivojlantirishga kuchli turtki berdi.

"O'tgan yillar davomida ikki davlat o'zaro munosabatlarni 2013-yilda Strategik sheriklikni chuqurlashtirish to'g'risidagi qo'shma deklaratsiya va 2016-yilda imzolangan o'zaro anglashuv memorandumi kabi qator kelishuvlar orqali yanada mustahkamladi. 2023-yilda 2023-2027-yillarga mo'ljallangan Hamkorlik rejasi imzolandi", – deyilgan maqolada.

2025-yil "Xitoyda O'zbekiston turizmi yili" deb e'lon qilindi va O'zbekiston o'zining madaniy va sayyohlik salohiyatini to'liq namoyish etish uchun Guanchjou xalqaro sayyohlik yarmarkasi kabi yirik ko'rgazmalar faol ishtirok etmoqda.

Istiqboldagi rejalar orasida 2026-2030-yillarga mo'ljallangan madaniy hamkorlik rejasini ishlab chiqish, o'zbekistonlik o'qituvchi va talabalarni Xitoy stipendiyasi bilan ta'minlash, har ikki davlatda madaniyat haftaliklarini tashkil etish, madaniy merosni asrab-avaylash, san'at va ta'lim sohasida qo'shma loyihalarni amalga oshirish ko'zda tutilgan.

"O'zbekiston-Xitoy munosabatlari sifat jihatidan yangi bosqichga qadam qo'ydi va ularning uzoq muddatli strategik sherikligidan ko'zlangan maqsadlari har ikki xalqning milliy manfaatlari va davr ehtiyojlariga to'la mos keladi", – deb yozilgan "Lookwe" maqolasida.

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish