Logo

Dehlidan munosabat: O'zbekistonning izchil yangilanishi mamlakatning xorijiy davlatlar, jumladan Hindiston bilan madaniy-gumanitar aloqalarini mustahkamlamoqda

May 13, 2025. 07:06 • 2 daq

73
Dehlidan munosabat: O'zbekistonning izchil yangilanishi mamlakatning xorijiy davlatlar, jumladan Hindiston bilan madaniy-gumanitar aloqalarini mustahkamlamoqda

DEHLI, 13-may. /"Dunyo" AA/. Hindiston ommaviy axborot vositalari O'zbekiston va Hindiston o'rtasidagi jadal rivojlanayotgan ko'p qirrali hamkorlik mavzusini yoritishga katta e'tibor qaratmoqda, deb xabar qilyapti "Dunyo" AA muxbiri.

"SP's Aviation" axborot portalida chop etilgan tahliliy maqola muallifi O'zbekistonda Prezidenti Shavkat Mirziyoyev rahnamoligida iqtisodiyot, texnologiyalar va boshqaruvni zamonaviylashtirish maqsadida keng ko'lamli islohotlar amalga oshirilayotgani haqida so'z yuritgan. Mamlakat xalqaro hamkorlikni kengaytirishga qaratilgan ochiq siyosat yuritmoqda, Markaziy Osiyodagi yetakchi davlat sifatida o'zini namoyon etmoqda.

"O'zbekiston Prezidenti qo'shni mamlakatlar bilan madaniy, iqtisodiy va diplomatik aloqalar, shuningdek, keng xalqaro hamkorlikni mustahkamlashga qaratilgan siyosatni hayotga tatbiq etmoqda", – deb ta'kidlangan materialda.

Nashr o'quvchilari e'tibori so'nggi yillarda strategik sheriklik darajasiga ko'tarilgan O'zbekiston va Hindiston o'rtasidagi tarixiy va madaniy aloqalarga qaratilgan.

"Bunday chuqurlashib borayotgan o'zaro munosabatlar negizini umumiy madaniy meros va azaliy hamkorlik ruhi tashkil qiladi. O'zbekiston va Hindiston madaniy diplomatiyaning poydevorini tashkil etuvchi boy san'at, musiqa va adabiyot an'analariga ega mamlakatlardir. Mazkur rishtalar nafaqat umumiy tarixning mahsulidir, balki ular so'nggi yillarda o'zaro anglashuv va hurmatga sodiqlikni aks ettirgan holda jadal rivoj topmoqda",– deya urg'ulagan muallif.

Materialda yaqinda Xorazm viloyatida o'tkazilgan Xalqaro baxshichilik san'ati festivali haqida ham so'z borgan.

"Festival O'zbekistonda baxshichilik, dostonchilik va ijrochilik san'atining boy an'analarini namoyon etdi", – deb qayd etgan hindistonlik jurnalist.

U baxshichilik san'ati festivali singari madaniy almashinuv loyihalari O'zbekiston va Hindiston o'rtasida ko'prik vazifasini o'tashi, jumladan, betakror umumiy meros namunalarini keng targ'ib qilishi haqida fikr yuritgan. O'zbek dostonchilik an'analari hind jamoatchiligi uchun tushunarli ekani, ular hind xalqining "Mahabharata" hamda "Ramayana" kabi noyob asarlari bilan o'xshashligini ta'kidlagan.

Nashr bunday yorqin tadbirlarni o'tkazish tashabbusi turli xalqlar o'rtasidagi o'zaro anglashuvga ko'maklashishi, xalqaro hamjamiyatning O'zbekiston va Markaziy Osiyo madaniyatiga qiziqishining oshishi, san'at ahli va tadqiqotchilar o'rtasida muloqot maydoni yaratishiga ishonch bildirgan.

Shuningdek, maqolada O'zbekiston ijtimoiy-iqtisodiy islohotlarni madaniy diplomatiya bilan muvaffaqiyatli uyg'unlashtirgan holda jadal rivojlanayotgan mamlakat sifatida tasvirlangan.

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish