O‘zbekiston diplomatlari Polshadagi xalqaro ko‘rgazmada qatnashdi
Noyabr 30, 2025. 14:22 • 2 daq
• 280
VARSHAVA, 1-dekabr. /“Dunyo” AA/. O‘zbekiston elchixonasi delegatsiyasi Varshavada o‘tkazilgan “Ptak Warsaw Expo” xalqaro ko‘rgazmasida ishtirok etdi, deb xabar qilmoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Diplomatlarimiz ko‘rgazma doirasida tashkil etilgan qator yirik xalqaro tadbirlarda ham qatnashdi. Xususan, “Bio Expo Warsaw”, “Global Food Expo”, “Food Tech Expo” va “Warsaw Medical Expo” namoyishlarida amaliyotda qo‘llanilayotgan zamonaviy ishlab chiqarish texnologiyalari, organik mahsulotlar, oziq-ovqat sanoatidagi innovatsion yechimlar hamda tibbiy jihozlar va xizmatlar bilan yaqindan tanishdi.
Tadbir davomida Polsha Iqtisodiy rivojlanish va texnologiyalar vazirligi davlat kotibi, Iqtisodiy hamkorlik bo‘yicha O‘zbekiston–Polsha hukumatlararo komissiyasining hamraisi Mixal Yarosh bilan muloqot bo‘lib o‘tdi.
Suhbatdosh O‘zbekiston Polsha uchun Markaziy Osiyodagi eng muhim va istiqbolli hamkor ekanini alohida taʼkidlab, ikki mamlakat o‘rtasidagi savdo-iqtisodiy va investitsiyaviy hamkorlik holatini ijobiy baholadi hamda ushbu sheriklik darajasini saqlab qolishdan manfaatdor ekanini bildirdi.
“Ptak Warsaw Expo” kompaniyasi prezidenti Tomash Shipula bilan o‘tkazilgan uchrashuv chog‘ida Polsha kompaniyalari bilan qo‘shma loyihalarni amalga oshirish, O‘zbekiston bozoriga innovatsion texnologiya va sifatli mahsulotlarni jalb etish, savdo-iqtisodiy hamkorlikni kengaytirish masalalari muhokama qilindi.
Tomash Shipula O‘zbekiston vakillarini har yili tashkil etiladigan mazkur xalqaro ko‘rgazmalarda milliy stend bilan faol ishtirok etishni taklif etdi.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
Barchasi