O‘zbekiston va Daniya o‘rtasida iqtisodiy hamkorlik istiqbollari muhokama qilindi
Dekabr 06, 2025. 12:12 • 2 daq
• 209
KOPENGAGEN, 9-dekabr. /“Dunyo” AA/. Kopengagen shahrida diplomatlarimiz Daniya sanoat palatasi (Danish Industry) global bozorlar bo‘yicha direktori Yens Xolst-Nilsen bilan uchrashuv o‘tkazdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
1992 yilda tashkil etilgan Danish Industry tarkibiga hozirgi kunda 20 mingdan ziyod kompaniya kiradi. 1200 nafar xodim faoliyat yurituvchi tashkilotning asosiy vazifasi – Daniya kompaniyalari manfaatlarini himoya qilish, qo‘llab-quvvatlash va biznes uchun qulay shart-sharoit yaratishdir.
Suhbat davomida O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan iqtisodiy islohotlar, xorijiy kompaniyalarning biznes ochishi uchun yaratilgan shart-sharoit va imkoniyatlar to‘g‘risida maʼlumot berildi.
Muzokaralarda mamlakatimiz Savdo-sanoat palatasi va Danish Industry o‘rtasida sheriklik aloqalarini o‘rnatish, ikki tomonlama biznes forumini o‘tkazish, Daniyaning energetika, farmatsevtika, chorvachilik, oziq-ovqat sohasiga ixtisoslashgan kompaniyalarning biznes-missiyalarini tashkillashtirish masalalari muhokama qilindi.
Daniya – iqtisodiy, texnologik va innovatsion jihatdan yuqori darajada rivojlangan davlat. Oxirgi yillarda O‘zbekistoning ushbu mamlakat bilan savdo aloqalari jadal ravishda rivojlanmoqda. Xususan, o‘tgan yili ikki tomonlama savdo aylanmasi qariyb 70 million dollar ko‘rsatkichga ko‘tarildi. Bu yil ham ushbu ijobiy tendensiya saqlanib qolmoqda. Mamlakatimizda Daniya kapitali ishtirokida 8 ta korxona faoliyat yuritmoqda.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
Barchasi