Logo

O‘zbekiston elchisi Misr Tashqi ishlar vazirligida uchrashuv o‘tkazdi

Noyabr 30, 2025. 14:56 • 2 daq

372
O‘zbekiston elchisi Misr Tashqi ishlar vazirligida uchrashuv o‘tkazdi

QOHIRA, 1-dekabr. /“Dunyo” AA/. O‘zbekiston elchisi Mansurbek Qilichev yangi tayinlangan Misr tashqi ishlar vazirining Osiyo mamlakatlari bilan hamkorlik bo‘yicha o‘rinbosari Amr Hamza bilan uchrashuv o‘tkazdi, deb xabar qilmoqda “Dunyo” AA muxbiri.

Muloqot jarayonida yuqori darajadagi tashrif va qo‘shma tadbirlarni birgalikda tashkil etish bo‘yicha fikr almashildi. Hozirgi kunda ikki davlat o‘rtasidagi o‘zaro munosabatlardagi dolzarb masalalarga alohida eʼtibor qaratildi.

Jumladan, davlatlar tashqi ishlar vazirliklari o‘rtasida siyosiy maslahatlashuvning navbatdagisini tashkil qilish, parlamentlararo hamkorlik ko‘lamini oshirish, shartnoma-huquq bazasini kengaytirish, ikki tomonlama hujjatlarning yangi loyihalarini ishlab chiqish va imzolashga tayyorlash borasida olib borilayotgan ishlar tahlil qilindi.

Shuningdek, savdo-iqtisodiy aloqalarni yana-da faollashtirish, ishbilarmon doiralar vakillarining o‘zaro tashriflarini uyushtirish, ularning xalqaro ko‘rgazma, biznes-forum va kooperatsion birjalardagi ishtirokini taʼminlash muhimligi taʼkidlandi.

O‘zbekiston va Misr o‘rtasida investitsiyaviy hamkorlik tobora kengayib borayotgani, “Orascom Investment”, “Orascom Construction”, “In2Metals”, “Nile Sugar”, “Polyserve”, “ACDIMA”, “Minapharm”, “Endeavour” singari kompaniyalarning yurtimizda o‘z faoliyatlarini yo‘lga qo‘ygani, tegishli hamkorlik hujjatlar imzolangani qayd etildi.

Savdo-iqtisodiy aloqalar rivojida O‘zbekiston va Misr o‘rtasidagi Hukumatlararo qo‘shma komissiya muhim mexanizm vazifasini bajarishini inobatga olib, uning navbatdagi yig‘ilishini o‘tkazish bilan bog‘liq tayyorgarlik ishlari bo‘yicha kelishib olindi.

Misr tashqi ishlar vaziri o‘rinbosari o‘z mamlakatining O‘zbekiston bilan keng qamrovli aloqalarini yanada mustahkamlashdan manfaatdorligini bildirib, o‘zaro hamkorlikni sifat jihatdan yangi bosqichga olib chiqishga ustuvor ahamiyat berilayotganini taʼkidladi.

Default Avatar

Material muallifi

Адилбек Каипбергенов

editor1@dunyo.info

Default Avatar

Material muallifi

Maftuna Rajabbayeva

maftuna@dunyo.info

Default Avatar

Material muallifi

Nargiza Saidaliyeva

nargiza@dunyo.info

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish