Sirdaryolik maktab o'quvchisi Italiyada o'tkazilgan xalqaro ingliz tili fani olimpiadasida birinchi o'rinni egalladi
Oktabr 05, 2023. 18:49 • 2 daq
• 1052
RIM, 5 oktyabr. /"Dunyo" AA/. Italiya poytaxti Rimda «Global Hippo Association» tashkiloti tomonidan o'tkazilgan "HIPPO" xalqaro ingliz tili fani olimpiadasi»ning yakuniy bosqichi bo'lib o'tdi, deb xabar bermoqda "Dunyo" AA muxbiri.

«Global Hippo Association» nodavlat notijorat tashkiloti 2012 yilda tashkil etilgan. Ushbu NNT ingliz tili asosiy til bo'lmagan davlatlarda maktab o'quvchilari orasida ingliz tilini o'rganishni targ'ib qiladi.. Buyuk Britaniyaning «Pearson Education» tashkiloti bilan hamkorlikda 2013 yildan buyon 1-11 sinf o'quvchilari orasida har yili "HIPPO" xalqaro ingliz tili fani olimpiadasi o'tkazib kelmoqda.
Joriy yilda mazkur olimpiadaning saralash bosqichlarida 70 ga yaqin davlatning 83 ming nafardan ziyod o'quvchilari ishtirok etdi.
"HIPPO" xalqaro olimpiadasining O'zbekistondagi saralash bosqichlaridan muvaffaqiyatli o'tgan o'quvchilar joriy yil iyun oyida Istanbulda (Turkiya) o'tkazilgan yarim final bosqichida kuch sinashdilar. Unda Buxoro, Sirdaryo va Toshkent maktablarining to'qqiz nafar o'quvchilari o'z guruhlarida g'olib chiqib, final bosqichiga yo'llanma olgan edi.
Shu yilning 27-29 sentyabr kunlari Rimda Italiya Tashqi ishlar va xalqaro hamkorlik vazirligi shafeligida o'tkazilgan yakuniy bosqichda turli davlatlardan kelgan 273 nafar o'quvchi ingliz tilida o'z bilimlarini sinash uchun turli guruhlarda o'zaro bahslashdi.
Guruhlar o'rtasida kechgan bilimlar bellashuvida Sirdaryo viloyati maktab o'quvchisi Nigora To'ychiboyeva «Little Hippo» guruhida g'olib bo'lib, xalqaro olimpiada birinchi o'rinni egalladi.
Tashkilotchilar barcha sovrindorlarni xalqaro sertifikat, medal va turli qimmatbaho yutuqlar bilan taqdirladi. Ushbu xalqaro olimpiadaning kelgusi yildagi final bosqichi Italiyaning Sitsiliya orolida bo'lib o'tishi ma'lum qilindi.
O'zbekiston nomidan ishtirok etgan o'quvchilarga mamlakatimiz Elchixonasi tomonidan tashakkurnomalar taqdim etildi.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
Barchasi