Polshaning Mazoviya voyevodligida O'zbekiston madaniyati kunlari bo'lib o'tdi
May 22, 2024. 14:23 • 2 daq
• 142
VARSHAVA, 22-may. /"Dunyo" AA/. Mamlakatimiz elchixonasi tomonidan Polshaning Mazoviya voyevodligining (viloyati) Vengruv shahridagi qadimiy Liv qal'asi muzeyida O'zbekiston madaniyati kunlari tashkil etildi, deb xabar qilmoqda "Dunyo" AA muxbiri.

Madaniy tadbirda Vengruv shahri meri Pavel Marchela, Liv qal'asi muzeyi direktori Eliza Chapka, Polsha Seymi va Senati, axborot-tahlil, ishbilarmon doira vakillari, mahalliy aholi va vatandoshlar ishtirok etdi.
O'zbekiston elchisi Amirsaid Agzamxodjayev ishtirokchilarni mamlakatimizning savdo-iqtisodiy, investitsiya va turizm imkoniyatlari bilan tanishtirdi. Shuningdek, O'zbekistonda amalga oshirilayotgan keng islohotlar, tadbirkorlarga va xorijiy investorlarga yaratilayotgan imkoniyatlar yuzasidan to'liq ma'lumot berildi. Bu jarayonda demokratik jamiyat institutlarini mustahkamlash, iqtisodiyotni liberallashtirish, xalqimiz turmush darajasini yuksaltirishga alohida urg'u berilayotgani ta'kidlandi.
Taqdimotda "O'zbekiston – 2030" strategiyasining mazmun-mohiyati, mamlakatimizda amalga oshirilayotgan keng ko'lamli va ortga qaytmas islohotlar, O'zbekiston – Polsha hamkorligi holati va istiqbollari to'g'risida batafsil ma'lumot berildi.
Liv qal'asi direktori Eliza Chapka o'z nutqida O'zbekistonda o'sib borayotgan turizm sohasi va bunga qiziqish bildirayotgan polyaklar soni oshib borayotganini alohida qayd etib, hozirgi vaqt ikki davlat o'rtasida madaniy-gumanitar aloqalarni rivojlantirish uchun qulay fursat ekanini ta'kidladi.
Tadbir ishtirokchilari tomonidan joriy yil mart oyidan boshlab yo'lga qo'yilgan "Varshava-Toshkent-Varshava" yo'nalishidagi to'g'ridan-to'g'ri muntazam aviaqatnovlar ikki mamlakat o'rtasidagi iqtisodiy va turizm aloqalarini yanada mustahkamlashiga ishonch bildirildi.
Madaniyat kechasi davomida polyak tarixchisi Igor Stroyeskiy tomonidan asli polshalik sayohatchi va fotograf Leon Barshyevskiyning XIX asrda olingan Samarqand va Buxoroga oid rasmlar kolleksiyasi namoyishi tashkil etildi.
Sanoatni rivojlantirish agentligining Tahlil va strategiya departamenti direktori Konrad Shelong:
— O'zbekiston madaniyatini Polshada targ'ib qilishga bag'ishlangan tadbirga taklif uchun minnatdorlik bildiraman. So'nggi yillarda Polsha va O'zbekiston savdo-iqtisodiy vakillar o'rtasida aloqalar tobora rivojlanib bormoqda.
Joriy yil noyabr oyida iqtisodiy hamkorlik bo'yicha O'zbekiston-Polsha hukumatlararo komissiyasining navbatdagi yig'ilishi va biznes forum o'tkazish rejalashtirilmoqda. Mamlakatlarimiz o'rtasidagi yaqin biznes aloqalari yanada mustahkamlanishiga umid qilaman.
Tarixchi Igor Stroyeskiy:
— Mazkur tadbir O'zbekistonning Polshadagi elchixonasi bilan hamkorlikda tashkil etildi. O'zbekiston madaniyati kunlari davomida Leon Barshyevskiy ijodiga bag'ishlangan ko'rgazma ham bo'lib o'tdi. Polshalik sayohatchi Barshyevskiy XIX asrda Samarqandda 20 yil yashagan. Bugun bu yerga O'zbekiston madaniyatiga qiziqqan ko'plab odamlar yig'ildi. O'zbekiston elchixonasiga ushbu madaniy tadbirni tashkil qilgani uchun minnatdorlik bildiraman.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
So‘nggi yangiliklar
Barchasi
Mavzuga oid
Tojikiston teatrida o‘zbek spektakli namoyish qilindi
Germaniya poytaxtida o‘zbek so‘zanalari ko‘rgazmasi tashkil etildi
Polshada “Ayol qismati” o‘zbek filmi premyerasi bo‘lib o‘tdi