Inson huquqlari bo'yicha O'zbekiston Milliy markazi huzurida yangi Jamoatchilik kengashi o'z ishini boshladi
Fevral 28, 2025. 15:28 • 2 daq
• 202
TOSHKENT, 28-fevral. /"Dunyo" AA/. Kecha Inson huquqlari bo'yicha O'zbekiston Milliy markazi huzurida qayta tashkil etilgan Jamoatchilik kengashining ta'sis yig'ilishi bo'lib o'tdi, deb xabar bermoqda "Dunyo" AA muxbiri.

Inson huquqlari bo'yicha O'zbekiston Milliy markazi matbuot xizmati ma'lumotiga ko'ra, unda inson huquqlarini himoya qilish, mazkur sohadagi xalqaro majburiyatlarni amalga oshirish borasidagi sa'y-harakatlar fuqarolik jamiyati institutlari, fuqarolar, ommaviy axborot vositalari – keng jamoatchilik vakillari ayni jarayonlarga jalb qilingandagina kutilgan samaralarini berishi va bu borada O'zbekiston Prezidentining 2024-yil 26-avgustda qabul qilingan "Fuqarolik jamiyati institutlarini davlat tomonidan qo'llab-quvvatlash tizimini yana-da takomillashtirish chora-tadbirlari to'g'risida"gi farmoni katta ahamiyat kasb etishi haqida so'z bordi.
Ta'sis yig'ilishida Jamoatchilik kengashining asosiy faoliyat yo'nalishlari, maqsad va vazifalari hamda kelgusidagi rejalari muhokama qilindi.
Jamoatchilik kengashi yig'ilishida Inson huquqlari bo'yicha O'zbekiston Milliy strategiyasining 2020-2024-yillarda bajarilishi holatiga baho berildi. Shuningdek, Markaz tomonidan "O'zbekiston – 2030" strategiyasini "Atrof-muhitni asrash va "yashil iqtisodiyot" yilida amalga oshirishga oid davlat dasturiga muvofiq ishlab chiqilayotgan Inson huquqlari bo'yicha O'zbekistonning 2030-yilgacha Milliy strategiyasi loyihasi muhokama qilindi.
Bundan tashqari, yig'ilishda Jamoatchilik kengashining faoliyatiga oid tashkiliy masalalar ham ko'rib chiqildi. Jumladan, Kengashning Nizomi va tarkibi tasdiqlandi. Jamoatchilik kengashi tarkibi mamlakatimizda inson huquqlari himoyasiga, jumladan bolalar, ayollar, nogironligi bo'lgan shaxslar va aholining boshqa qatlamlari huquqlarini himoya qilishda hissa qo'shib kelayotgan jamoatchilik vakillari, jumladan, nodavlat notijorat tashkilotlari, ommaviy axborot vositalari, ta'lim va fan sohasi vakillaridan iborat.
Jamoatchilik bilan ishlash sohasida ko'p yillik tajribaga ega bo'lgan O'zbekiston Notarial palatasi raisi Dilshod Ashurov Inson huquqlari bo'yicha O'zbekiston Milliy markazi huzuridagi Jamoatchilik kengashining raisi etib saylandi.
Jamoatchilik kengashining kotibi lavozimiga inson huquqlari sohasidagi ilmiy tadqiqotlarga, ta'lim va tarbiyaga katta hissa qo'shib kelayotgan tajribali pedagog, taniqli olima – Toshkent davlat yuridik universiteti professori, yuridik fanlar doktori Gavhar Yuldasheva saylandi.
Yig'ilish yakunida Kengash a'zolari inson huquqlari sohasidagi xalqaro shartnomalarning bajarilishini monitoring qilishda jamoatchilik nazoratini kuchaytirish bo'yicha takliflar tayyorlash, Markaz faoliyatini monitoring qilib borish, inson huquqlarini himoya qilish tadbirlari samarasini yaxshilash bo'yicha tavsiyalar bildirish yuzasidan kelishib oldilar.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
So‘nggi yangiliklar
Barchasi
Mavzuga oid
Ayollarning davlat boshqaruvidagi rolini oshirish bo'yicha konferensiya tashkil etildi