O'zbekiston Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi spikeri va Pokiston Senati raisi ikki mamlakat o'rtasidagi strategik sheriklikni yanada mustahkamlash masalalarini muhokama qildi
Sentabr 30, 2025. 17:31 • 2 daq
• 82
ISLOMOBOD, 30-sentyabr. /"Dunyo" AA/. O'zbekiston Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi spikeri Nuriddin Ismoilov boshchiligidagi mamlakatimiz delegatsiya Pokiston Senati raisi, mamlakat Prezidenti vazifasini vaqtincha bajaruvchi Yusuf Raza G'iloniy bilan uchrashdi, deb xabar qilmoqda "Dunyo" AA muxbiri.

Islomobod shahridagi Prezident saroyida bo'lib o'tgan muloqot chog'ida O'zbekiston va Pokiston o'rtasidagi do'stona munosabatlarni yanada rivojlantirish, strategik sheriklikni mustahkamlash, siyosiy, iqtisodiy va madaniy-gumanitar sohalardagi hamkorlik masalalari atroflicha muhokama qilindi.
Yusuf Raza G'iloniy O'zbekistonda olib borilayotgan keng ko'lamli islohotlar, xususan yangi Konstitutsiya qabul qilinishi va parlament vakolatlarining kengaytirilganini yuqori baholadi. Shuningdek, O'zbekistonda Parlamentlararo ittifoqning 150-sessiyasi muvaffaqiyatli o'tkazilgani bilan tabrikladi. Tadbir doirasidagi uchrashuvlarini, jumladan Prezident Shavkat Mirziyoyev bilan bo'lgan muloqotni iliq xotirladi.
Ikki mamlakat rahbarlari o'rtasidagi uchrashuvlar muntazam tus olayotgani va 2025-yil fevralda Pokiston Bosh vaziri Shahboz Sharifning O'zbekistonga tashrifi o'zaro munosabatlarda yangi sahifa ochgani qayd etildi. Mazkur tashrif doirasida strategik sheriklik kengashi tashkil etilgani va "Yo'l xaritasi" ishlab chiqilgani alohida ta'kidlandi.
Parlamentlararo munosabatlarni rivojlantirish masalasiga alohida e'tibor qaratildi. Bu borada qonun chiqaruvchi organlarda tashkil etilgan do'stlik guruhlari parlamentariylar uchun ochiq muloqot va fikr almashish imkoniyatini yaratayotgani ta'kidlandi.
Yusuf Raza G'iloniy 11-12-noyabr kunlari Islomobodda o'tkaziladigan Parlamentlararo spikerlar konferensiyasiga O'zbekiston parlamenti rahbarlarini rasman taklif qildi.
Iqtisodiy hamkorlik borasida so'nggi yillarda ikki mamlakat o'rtasidagi savdo hajmi barqaror o'sib borayotgani qayd etildi. Pokiston tomoni Transafg'on temir yo'lini qurish loyihasini qo'llab-quvvatlashini va O'zbekiston ishlab chiqaruvchilari uchun mamlakat portlaridan foydalanish uchun zarur imkoniyatlarni yaratishini tasdiqladi.
Uchrashuvda, shuningdek, buyuk allomalar – Imom al-Buxoriy, Imom at-Termiziy, Ahmad al-Farg'oniy va Zahiriddin Muhammad Bobur merosini o'rganish, oliy ta'lim muassasalari o'rtasida hamkorlik shartnomalarini imzolash, qo'shma fakultetlar va o'quv markazlarini tashkil etish, madaniy tadbirlarni muntazam o'tkazish masalalariga ham e'tibor qaratildi.
Uchrashuvda xalqaro va mintaqaviy tuzilmalar, jumladan BMT, ShHT va Islom hamkorlik tashkiloti doirasida hamkorlikni kengaytirish, o'zaro tashabbuslarni qo'llab-quvvatlashda davom etishning zarurligi qayd etildi.
Muzokaralar yakunida Nuriddin Ismoilov Pokiston Senati raisini O'zbekistonga tashrif buyurishga taklif qildi.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
So‘nggi yangiliklar
Barchasi
Mavzuga oid
O‘zbekiston va Qatar parlament aʼzolari hamkorlik istiqbollarini muhokama qildi
Senatda Koreya Respublikasi Milliy Assambleyasi raisi bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi
O‘zbekiston va Vengriya parlamentlari o‘rtasida Anglashuv memorandumi imzolandi