O'zbekiston – Pokiston parlamentlararo do'stlik guruhi yig'ilishida hamkorlikning istiqbolli yo'nalishlari belgilab olindi
Sentabr 30, 2025. 19:13 • 2 daq
• 78
ISLOMOBOD, 30-sentyabr. /"Dunyo" AA/. O'zbekiston Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi Spikeri Nuriddin Ismoilov boshchiligidagi mamlakatimiz delegatsiyasi Pokistonga tashrifi doirasida ikki mamlakat parlamentlaridagi do'stlik guruhlari uchrashuvi bo'lib o'tdi, deb xabar qilmoqda "Dunyo" AA muxbiri.

Muloqot avvalida O'zbekiston delegatsiyasi nomidan Pokiston Milliy Assambleyasi Spikeri Sardor Ayoz Sadiq va Senat Raisi Yusuf Raza G'iloniyga ko'rsatilayotgan samimiy mehmondo'stlik uchun minnatdorlik izhor etildi.
Mamlakatlarimiz o'rtasidagi do'stona munosabatlar mustahkam tarixiy va madaniy asoslarga ega ekani, so'nggi yillarda ikki davlat oliy Rahbariyatining qat'iy siyosiy irodasi hamda doimiy muloqoti natijasida barcha sohalardagi aloqalar yangi bosqichga ko'tarilgani ta'kidlandi.
Parlamentlararo hamkorlikning ahamiyati alohida qayd etildi. Qonun ijodkorligi sohasida tajriba almashish, to'g'ridan-to'g'ri muloqotlar va o'zaro tashriflar ikki xalq manfaatlariga xizmat qilishi urg'ulandi. Shu munosabat bilan O'zbekiston Qonunchilik palatasida Pokiston bilan hamkorlik qilish uchun kengaytirilgan "do'stlik guruhi" tashkil etilgani ma'lum qilindi.
Pokistonlik hamkorlarga Prezident Shavkat Mirziyoyev rahbarligida amalga oshirilayotgan islohotlar, jumladan "O'zbekiston-2030" strategiyasida belgilangan iqtisodiy o'sish, raqamli transformatsiya, inson kapitalini rivojlantirish va qonun ustuvorligi yo'nalishlari haqida ma'lumot berildi.
Transport va logistika sohasida hamkorlik masalalari alohida muhokama qilinib, O'zbekiston mahsulotlarini Karachi va Gvadar portlari orqali jahon bozorlariga chiqarish imkoniyatlari, shuningdek strategik ahamiyatga ega Transafg'on temir yo'lini qurish loyihasi haqida batafsil fikr almashildi.
Davlatlararo munosabatlarda savdo-iqtisodiy aloqalarning ahamiyati e'tirof etildi. Yaqin istiqbolda ikki mamlakat o'rtasidagi savdo hajmini 2 milliard dollarga yetkazish uchun Imtiyozli savdo to'g'risidagi bitim doirasida mahsulotlar ro'yxatini kengaytirish, erkin iqtisodiy zonalarni birgalikda boshqarish masalasini puxta ishlab chiqish va hayotga tatbiq etish, investitsiya loyihalarini jadallashtirishning muhimligi qayd etildi.
Madaniy-gumanitar sohada hamkorlik masalalarida ikki davlat hududida o'tkazilayotgan madaniy tadbirlar, yoshlar forumlari va turizm yarmarkalari muhim ahamiyat kasb etayotgani ta'kidlandi. To'g'ridan-to'g'ri aviaqatnovlar xalqlarimizni yanada yaqinlashtirayotgani ta'kidlandi.
Uchrashuv yakunida parlamentlararo hamkorlikni yanada chuqurlashtirish, do'stlik guruhlari muloqotlariga amaliy tus berish va qonun ijodkorligi sohasidagi tajriba almashuvini kuchaytirish yuzasidan kelishuvga erishildi.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
So‘nggi yangiliklar
Barchasi
Mavzuga oid
Senatda Koreya Respublikasi Milliy Assambleyasi raisi bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi
O‘zbekiston va Vengriya parlamentlari o‘rtasida Anglashuv memorandumi imzolandi
Oliy Majlis Senati raisi Vengriya Prezidenti bilan uchrashdi