Logo

O'zbekiston parlament delegatsiyasi Lahor shahrida Panjob viloyati sanoat, tijorat va investitsiyalar vaziri bilan muzokara o'tkazdi

Oktabr 02, 2025. 19:04 • 2 daq

275
O'zbekiston parlament delegatsiyasi Lahor shahrida Panjob viloyati sanoat, tijorat va investitsiyalar vaziri bilan muzokara o'tkazdi

LAHOR, 2-oktyabr. /"Dunyo" AA/. O'zbekiston Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi Spikeri Nuriddin Ismoilov boshchiligidagi parlament delegatsiyasi Lahor shahrida Panjob viloyati Sanoat, tijorat va investitsiyalar vaziri Shafay Husayn bilan uchrashuv o'tkazdi, deb xabar qilmoqda "Dunyo" AA muxbiri.

Suhbat chog'ida sanoat kooperatsiyasi, erkin iqtisodiy zonalarda hamkorlik, turli istiqbolli yo'nalishlarda qo'shma investitsion loyihalarni amalga oshirish, ikki mamlakat hududlari o'rtasida savdo-iqtisodiy aloqalarni kengaytirish masalalari muhokama qilindi.

Uchrashuv avvalida vazir Shafay Husayn yetti yil avval O'zbekistonga qilgan tashrifini iliq xotiralar bilan yodga oldi.

Muzokaralar davomida vazir Panjob viloyatida tashkil etilgan erkin iqtisodiy zonalar, ularning faoliyati va yaratilgan shart-sharoitlar haqida taqdimot o'tkazdi.

Sialkot shahrining sport inventarlari va formalar ishlab chiqarishdagi tajribasi hamda ushbu yo'nalishda O'zbekiston bilan istiqbolli hamkorlik imkoniyatlari haqida ma'lumot berildi.

Shafay Husayn, shuningdek, Panjobning jarrohlik asbob-uskunalari ishlab chiqarishdagi yutuqlariga, ushbu yo'nalishda O'zbekiston bilan sherikchilik qilishning muhimligiga to'xtalib o'tdi. Dastlabki bosqichda bu turdagi mahsulotlarni mamlakatimizga eksport qilish, keyinchalik esa qo'shma sanoat loyihalarini amalga oshirish, tayyor mahsulotlarni uchinchi davlatlarga hamkorlikda yetkazib berishga qiziqish bildirildi.

Uchrashuvda Panjob viloyatining sut va sut mahsulotlari ishlab chiqarish salohiyatiga ham e'tibor qaratildi. Har yili 50 million tonnadan ortiq sut ishlab chiqarilayotgani, mahsulotlar xalqaro standartlarga to'liq javob berishi ta'kidlandi. Bu borada ham O'zbekiston bilan eksport-import aloqalarini yo'lga qo'yish katta ahamiyatga ega ekani qayd etildi.

Vazir investitsion loyihalar bo'yicha amaliy ishlarni hozirdan boshlash zarurligini bildirib, o'z vazirligidan O'zbekiston bilan ishlash uchun mas'ullar tayinlanishini ma'lum qildi, joriy yil noyabr oyida O'zbekistonga nufuzli biznes-delegatsiya bilan tashrif buyurish niyatida ekanini bildirdi.

Uchrashuv yakunida Shafay Husayn O'zbekiston parlamenti delegatsiyasiga tashrif uchun minnatdorlik izhor etib, sanoat kooperatsiyasi va savdo-iqtisodiy hamkorlikni yangi bosqichga olib chiqish uchun mavjud imkoniyatlarni to'liq ishga solishga tayyorligini ta'kidladi.

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish