Logo

O'zbekiston parlament delegatsiyasi Lahor shahrida "Umer Group" kompaniyasi faoliyati bilan tanishdi

Oktabr 03, 2025. 09:16 • 2 daq

187
O'zbekiston parlament delegatsiyasi Lahor shahrida "Umer Group" kompaniyasi faoliyati bilan tanishdi

LAHOR, 3-oktyabr. /"Dunyo" AA/. O'zbekiston Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi Spikeri Nuriddin Ismoilov rahbarligidagi parlament delegatsiyasi Lahor shahrida "Umer Group" kompaniyalar guruhi direktori Muhammad Salim bilan uchrashuv o'tkazdi, deb xabar qilmoqda "Dunyo" AA muxbiri.

1982-yilda tashkil etilgan "Umer Group" energetika, to'qimachilik, teri mahsulotlarini qayta ishlash va oyoq kiyim ishlab chiqarish, shakar sanoati va qurilish sohalarida faoliyat yuritadi. Yillik savdo aylanmasi 500 million dollardan ortiq bo'lgan kompaniyada 8 mingdan ziyod xodim mehnat qiladi.

Uchrashuvda kompaniya faoliyati bo'yicha taqdimot o'tkazilib, asosiy yo'nalishlar haqida ma'lumot berildi. Jumladan, to'qimachilik sohasida har oyda 7 million metr ip-kalava ishlab chiqarilayotgani, yiliga 40 million metr tola bo'yalayotgani ta'kidlandi.

Shuningdek, kompaniya oyoq kiyim sanoatida "Caterpillar", "Hush Puppies" va "Clarks" kabi yirik xalqaro brendlar bilan hamkorlik qilishi, har oyda 200 ming juft oyoq kiyim ishlab chiqarayotgani qayd etildi.

O'zbekiston parlament delegatsiyasi a'zolari kompaniyalar guruhining chorvachilik yo'nalishida loyihalari bilan ham tanishtirildi. Hozirda kompaniyaning fermasida 6000 boshdan ziyod qoramol parvarishlanmoqda.

Muhammad Salim kompaniyaning shakar ishlab chiqarish sohasida sanoat faoliyati bo'yicha ham atroflicha ma'lumot berdi.

Uchrashuv chog'ida kompaniya rahbariyati O'zbekiston bozorini istiqbolli yo'nalish sifatida ko'rayotganini va eksport-import yo'nalishida yangi hamkorlar izlanayotganini ma'lum qildi. Shu maqsadda joriy yil noyabr oyida O'zbekistonga tashrif buyurib, mahalliy biznes vakillari bilan o'zaro manfaatli va istiqbolli loyihalar yuzasidan muzokaralar o'tkazish rejalashtirilgani bildirildi.

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish