Logo

Yevropa parlamentida O'zbekiston bilan hamkorlik va gender tenglik masalalariga bag'ishlangan davra suhbati bo'lib o'tdi

Oktabr 02, 2025. 18:50 • 2 daq

28
Yevropa parlamentida O'zbekiston bilan hamkorlik va gender tenglik masalalariga bag'ishlangan davra suhbati bo'lib o'tdi

TOSHKENT, 2-oktyabr. /"Dunyo" AA/. Yevropa parlamentida "O'zbekiston va Yevropa Ittifoqi: demokratik islohotlarni va gender tenglikni ilgari surishda parlamentlararo muloqotning roli" mavzusida davra suhbati bo'lib o'tdi, deb xabar bermoqda "Dunyo" AA muxbiri.

Parlament yuqori palatasi matbuot xizmati ma'lumotiga ko'ra, tadbirda Oliy Majlis Senatining Mudofaa va xavfsizlik masalalari qo'mitasi raisi Qutbiddin Burxanov boshchiligidagi O'zbekiston delegatsiyasi ishtirok etdi.

So'zga chiqqanlar so'nggi yillarda O'zbekiston va Yevropa Ittifoqi o'rtasidagi aloqalar jadal rivojlanib, strategik sheriklik darajasiga ko'tarilganini ta'kidladi. Xususan, 2025 yil aprel oyida Samarqandda o'tkazilgan "Markaziy Osiyo – Yevropa Ittifoqi" birinchi sammiti o'zaro ishonchli muloqotni yana-da mustahkamlab, hamkorlikning yangi yo'nalishlarini ochib berdi.

Ushbu jarayonda parlamentlararo muloqot muhim o'rin tutayotgani, qonunchilik bo'yicha tajriba almashish, islohotlarni qo'llab-quvvatlash va xalqlar o'rtasida o'zaro tushunishni kuchaytirishga xizmat qilayotgani alohida qayd etildi.

Davra suhbati davomida inson huquqlarini himoya qilish, fuqarolik jamiyatini qo'llab-quvvatlash, yoshlar siyosati va ayollarning ijtimoiy-siyosiy jarayondagi ishtirokini kengaytirish masalalari atroflicha muhokama qilindi.

O'zbekistonda 2030 yilgacha mo'ljallangan gender tenglik strategiyasi qabul qilingani, ayollarning siyosiy, iqtisodiy va ijtimoiy hayotdagi roli tobora ortib borayotgani ta'kidlandi. Ayollarning parlament, boshqaruv, ta'lim va tadbirkorlik sohalaridagi faolligi misol qilib keltirildi.

Tadbir ishtirokchilari Yangi O'zbekiston taraqqiyot strategiyasida o'z aksini topgan demokratik islohotlarni chuqurlashtirish, gender tenglikni mustahkamlash, xotin-qizlarning huquq va imkoniyatlarini kengaytirish, islohotlarni qo'llab-quvvatlashda parlamentlararo muloqotning rolini kuchaytirish, O'zbekiston va Yevropa Ittifoqi o'rtasida Kengaytirilgan sheriklik va hamkorlik to'g'risidagi bitimning istiqbollariga alohida e'tibor qaratdi.

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish