Islomobodda O'zbekiston va Pokiston parlamentlari quyi palatalari o'rtasida hamkorlikni jadallashtirish masalalari muhokama qilindi
Sentabr 30, 2025. 15:23 • 2 daq
• 229
ISLOMOBOD, 30-sentyabr. /"Dunyo" AA/. O'zbekiston Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi spikeri Nuriddin Ismoilov boshchiligidagi mamlakatimiz delegatsiya Islomobodga tashrifi davomida Pokiston Milliy Assambleyasi spikeri Sardor Ayoz Sadiq bilan uchrashdi, deb xabar qilmoqda "Dunyo" AA muxbiri.

Muloqot chog'ida ikki tomonlama munosabatlarni rivojlantirish va parlamentlararo hamkorlikni kuchaytirish, terrorizm hamda iqlim o'zgarishiga qarshi kurashish sohasida tajriba almashish, savdo-iqtisodiy va transport yo'nalishlarida qo'shma qadamlarni amalga oshirish masalalari muhokama qilindi.
Uchrashuvda barcha sohalardagi munosabatlarni yangi pog'onaga ko'tarishda parlament imkoniyatlaridan samarali foydalanish muhimligi alohida ta'kidlandi. Parlamentlararo "do'stlik guruhlari" faoliyatini jadallashtirish zarurligi e'tirof etildi.
Spiker Sardor Ayoz Sadiq O'zbekistonda Parlamentlararo ittifoqning 150-sessiyasi yuksak saviyada tashkil etilganini e'tirof etib, O'zbekiston tomonini ushbu muvaffaqiyat bilan tabrikladi.
Milliy Assambleya rahbari Lahor va Islomobod shaharlariga to'g'ridan-to'g'ri reyslar ochilganidan mamnunligini bildirib, aviaqatnovlar geografiyasi yana-da kengayishiga umid bildirdi. Shu bilan birga, u O'zbekistonning dunyo dengizlariga chiqish imkoniyatini ta'minlash maqsadida Pokiston portlari – Karachi, Qosim va Gvadardan foydalanish uchun barcha shart-sharoitlar yaratilishini tasdiqladi.
Suhbatda iqlim o'zgarishi masalasiga alohida e'tibor qaratilib, ushbu yo'nalishda O'zbekiston bilan o'zaro hamkorlikni chuqurlashtirishning zarurligi qayd etildi.
Shuningdek, xalqaro tuzilmalar, jumladan Iqtisodiy hamkorlik tashkiloti Parlament Assambleyasi doirasidaga hamkorlikning chuqurlashtirish mexanizmlari bo'yicha fikr almashildi. Shuningdek, mintaqaviy xavfsizlik va barqaror taraqqiyotni ta'minlashda parlamentlarning imkoniyatlaridan samarali foydalanishning muhimligiga urg'u berildi.
Muzokaralar yakunida Nuriddin Ismoilov pokistonlik hamkasbiga tashrif bilan O'zbekistonga borish taklifini bildirdi.
O'zbekiston delegatsiyasi Pokiston Milliy Assambleyasi tavsiyasiga ko'ra Ofatlarni boshqarish milliy markazi faoliyati bilan ham tanishdi. U yerda sohaviy hamkorlik masalalari, jumladan o'zaro tajriba almashish va texnik yordam ko'rsatish imkoniyatlari muhokama qilindi.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
So‘nggi yangiliklar
Barchasi
Mavzuga oid
Senatda Koreya Respublikasi Milliy Assambleyasi raisi bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi
O‘zbekiston va Vengriya parlamentlari o‘rtasida Anglashuv memorandumi imzolandi
Oliy Majlis Senati raisi Vengriya Prezidenti bilan uchrashdi