Lahorda O'zbekiston Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi va Panjob viloyati Assambleyasi rahbariyati o'rtasida uchrashuv bo'lib o'tdi
Oktabr 02, 2025. 18:03 • 2 daq
• 238
LAHOR, 2-oktyabr. /"Dunyo" AA/. O'zbekiston Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi Spikeri Nuriddin Ismoilov boshchiligidagi mamlakatimiz delegatsiyasi Pokistonga tashrifi davomida Lahor shahrida Panjob viloyati Assambleyasi Spikeri Malik Zahir Iqbal Channer bilan uchrashuv o'tkazdi, deb xabar qilmoqda "Dunyo" AA muxbiri.

Suhbat chog'ida O'zbekiston hududlari va Panjob viloyati o'rtasidagi o'zaro hamkorlikni barcha yo'nalishlarda izchil rivojlantirish masalalari muhokama qilindi. Bunda qonun chiqaruvchi organlar o'rtasidagi hamkorlikning ahamiyati, uni yana-da chuqurlashtirish mexanizmlariga alohida e'tibor qaratildi.
Malik Channer Panjob viloyati O'zbekiston bilan savdo-iqtisodiy, madaniy-gumanitar va boshqa sohalarda hamkorlikni rivojlantirishdan manfaatdor ekanini ma'lum qildi.
Suhbatda Imom al-Buxoriy, Imom at-Termiziy, Zahiriddin Muhammad Bobur kabi buyuk tarixiy shaxsiyatlar hamda umumiy madaniy qadriyatlar xalqlarimizni bog'lab turuvchi muhim rishtalar sifatida e'tirof etildi.
U, shuningdek, viloyatda Maryam Navaz boshchiligidagi ma'muriyat tomonidan olib borilayotgan siyosat, aholi turmush sharoitini yaxshilash va ijtimoiy ta'minotni kuchaytirishga qaratilgan 80 dan ziyod tashabbuslar haqida ma'lumot berdi.
O'zbekiston delegatsiyasiga Panjob Assambleyasining tuzilishi va faoliyati, aholi bilan muloqot olib borish, ularning muammolarini hal etish maqsadida mahalliy parlamentda faoliyat yuritayotgan doimiy qo'mitalar haqida ham axborot taqdim etildi.
Muloqot chog'ida mintaqaviy xavfsizlik va barqaror taraqqiyot yo'lidagi hamkorlik masalalariga ham e'tibor qaratildi. Har ikki davlatning tinchlik va xavfsizlikni ta'minlash yo'lidagi sa'y-harakatlari mushtarak ekanligi qayd etildi. Pokiston ushbu yo'nalishda O'zbekiston bilan hamkorlikni chuqurlashtirishdan manfaatdorligi ta'kidlandi.
Uchrashuv yakunida pokistonlik hamkorlar O'zbekiston parlament delegatsiyasiga tashrif uchun minnatdorlik izhor etdi va mazkur safar ikki mamlakat o'rtasidagi birodarlik va hamkorlik aloqalarini yangi bosqichga olib chiqishiga ishonch bildirdi.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
So‘nggi yangiliklar
Barchasi
Mavzuga oid
O‘zbekiston va Qatar parlament aʼzolari hamkorlik istiqbollarini muhokama qildi
Senatda Koreya Respublikasi Milliy Assambleyasi raisi bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi
O‘zbekiston va Vengriya parlamentlari o‘rtasida Anglashuv memorandumi imzolandi