Senatda O'zbekistonning Avstriya va Turkiya davlatlaridagi elchilarining hisobotlari eshitildi
Avgust 28, 2025. 14:15 • 2 daq
• 472
TOSHKENT, 28-avgust. /"Dunyo" AA/. O'zbekiston Oliy Majlisi Senatining Xalqaro munosabatlar, tashqi iqtisodiy aloqalar, xorijiy investitsiyalar va turizm masalalari qo'mitasining kengaytirilgan majlisi bo'lib o'tdi, deb xabar bermoqda "Dunyo" AA muxbiri.

Parlament yuqori palatasi ma'lumotiga ko'ra, unda senatorlar, mutasaddi vazirlik va idoralar hamda viloyatlar hokimligi rahbarlari, shuningdek, xalq deputatlari mahalliy Kengashlarining doimiy komissiyalari raislari, O'zbekiston eksportchilar uyushmasi vakillari, Yoshlar parlamenti a'zolari, ekspertlar va ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdi.
Senatorlar tomonidan O'zbekistonning Turkiya va Avstriyadagi diplomatik vakolatxonalari rahbarlarining davlatlararo munosabatlarni rivojlantirish, investitsiyalarni jalb qilish, milliy mahsulotlar eksportini oshirish, xorijiy turistlarni jalb qilish, oliy va yuqori darajadagi tashriflar doirasida qabul qilingan "yo'l xaritalari"ni ijro etish to'g'risidagi hisobotlari eshitildi.
Majlisda davlat rahbari tomonidan tashqi siyosatimizning asosiy maqsadi – mamlakatimizga xorijiy investitsiyalarni jalb qilish, milliy mahsulotlarimizning jahon bozoridagi ulushini oshirish va O'zbekistonning xalqaro imijini mustahkamlash qilib belgilab berilganligiga yana bir bor urg'u berildi.
O'zbekistonning Turkiya va Avstriyadagi diplomatik vakolatxonalari tomonidan 2024-2025-yillarda savdo-iqtisodiy, investitsiya, eksport, logistika, transport, qishloq xo'jaligi, ilm-fan, madaniyat, turizm va tashqi migratsiya kabi muhim sohalarda hamkorlik aloqalarini yana-da kengaytirish hamda tegishli "yo'l xaritalari"da belgilangan vazifalar ijrosini ta'minlash bo'yicha amalga oshirilgan ishlar atroflicha muhokama qilindi.
Xususan, O'zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev raisligida joriy yil 30-iyul kuni meva-sabzavot va oziq-ovqat mahsulotlari eksportini ko'paytirish, 13-avgust kuni to'qimachilik sohasida eksport imkoniyatlari va zaxiralarni ishga solish bo'yicha videoselektor yig'ilishlarida elchixonalarga eksportchi korxonalarga xorijda bozor topish, milliy mahsulotlarga sertifikat va ruxsatnomalar olib berish, xorijda savdo uylari va omborlar tashkil etish, xorijiy brendlarni olib kelish va korxonalarimizga sertifikatlar olib berish topshiriqlarini ijrosini ta'minlash lozimligi ta'kidlandi.
Mazkur diplomatik vakolatxonalarning faoliyati samaradorligini oshirishda hamda mavjud muammolarni bartaraf etishda ularning mutasaddi vazirlik va idoralar, hokimliklar hamda mahalliy Kengashlar bilan muntazam va to'g'ridan-to'g'ri aloqalarini yo'lga qo'yish zarurligi alohida qayd etildi.
Bundan tashqari, ushbu mamlakatlarda vaqtincha bo'lib turgan O'zbekiston fuqarolariga sifatli konsullik-huquqiy yordam ko'rsatish, savdo uylari va mahalliy kompaniyalar bilan aloqalarni faollashtirish, shuningdek, o'zbekistonlik tadbirkorlar va ishbilarmonlarga yaqindan yordam berish hamda mamlakatning savdo-iqtisodiy va investitsiyaviy manfaatlarini ilgari surish bo'yicha aniq vazifalar belgilab olindi hamda tegishli tavsiyalar berildi.
Muhokama yakunlari bo'yicha Qo'mitaning tegishli qarori qabul qilindi.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
So‘nggi yangiliklar
Barchasi
Mavzuga oid
O‘zbekiston va Qatar parlament aʼzolari hamkorlik istiqbollarini muhokama qildi
Senatda Koreya Respublikasi Milliy Assambleyasi raisi bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi
O‘zbekiston va Vengriya parlamentlari o‘rtasida Anglashuv memorandumi imzolandi