Logo

Qozog'iston Prezidenti 14-16-noyabr kunlari davlat tashrifi bilan O'zbekistonda bo'ladi

Noyabr 13, 2025. 12:20 • 2 daq

172
Qozog'iston Prezidenti 14-16-noyabr kunlari davlat tashrifi bilan O'zbekistonda bo'ladi

TOSHKENT, 13-noyabr. /"Dunyo" AA/. O'zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning taklifiga binoan Qozog'iston Prezidenti Qasim-Jomart Toqayev 14-16-noyabr kunlari davlat tashrifi bilan mamlakatimizda bo'ladi, deb xabar bermoqda "Dunyo" AA muxbiri.

Davlatimiz rahbari matbuot xizmati ma'lumotiga ko'ra, tashrif dasturiga muvofiq, oliy darajadagi muzokaralar hamda O'zbekiston va Qozog'iston yetakchilari raisligida Oliy davlatlararo kengashning ikkinchi yig'ilishi o'tkazilishi ko'zda tutilgan.

Kun tartibidagi asosiy mavzu – savdo, sanoat kooperatsiyasi, transport va logistika, energetika, qishloq xo'jaligi, suv resurslari, madaniy-gumanitar loyihalar kabi ustuvor yo'nalishlarda hamkorlikni chuqurlashtirish.

Mintaqaviy va global siyosatning dolzarb masalalari, ko'p tomonlama formatlar doirasidagi hamkorlik yuzasidan fikr almashiladi.

Xalqaro sanoat kooperatsiyasi markazi va qator qo'shma loyihalarni ishga tushirish, O'zbekiston – Qozog'iston strategik sheriklik hamda ittifoqchilik munosabatlarini yana-da mustahkamlashga qaratilgan hujjatlar to'plamini imzolash ko'zda tutilgan.

Qozog'iston Respublikasi Prezidenti Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlarining yettinchi Maslahat uchrashuvida ham ishtirok etadi.

O'zbekiston Prezidenti matbuot xizmati arxividan olingan surat

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish