O‘zbekiston Prezidenti raisligida Namangan viloyatida islohotlar natijadorligi va ustuvor vazifalar muhokama qilindi
Mart 31, 2026. 17:47 • 6 daq
• 214
TOSHKЕNT, 30-mart. /“Dunyo” AA/. Prezident Shavkat Mirziyoyev bugun Namangan viloyatida islohotlar natijadorligi hamda kelgusida amalga oshirilishi lozim bo‘lgan ustuvor vazifalar yuzasidan yig‘ilish o‘tkazdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Davlatimiz rahbari matbuot xizmati ma’lumotiga ko‘ra, yig‘ilishda so‘nggi yillarda Namanganda sanoat, xizmatlar va tadbirkorlik sohalarida katta o‘sish kuzatilib, viloyat ko‘plab yo‘nalishlarda boshqa hududlar uchun namunaga aylangani ta’kidlandi. Xususan, sakkiz yilda 40 mingdan ziyod yangi korxona ish boshlagan, ishlab chiqarish hajmi esa 6 barobarga oshib, 40 trillion so‘mga yetgan.
Qayd etilganidek, 2025-yil yakunlari bo‘yicha viloyat yalpi hududiy mahsuloti 85,4 trillion so‘mni tashkil etib, o‘sish sur’ati 8,2 foizga yetgan. Sanoat mahsulotlari hajmi 40,1 trillion so‘mni, xizmatlar hajmi 56,3 trillion so‘mni tashkil qilgan. Viloyatga 3,3 milliard dollar xorijiy investitsiya jalb qilinib, eksport hajmi 916 million dollarga yetgan.
Davlatimiz rahbari jahon bozoridagi beqaror vaziyat sharoitida Namanganda iqtisodiy o‘sish sur’atlarini saqlab qolish va yangi “o‘sish nuqtalari”ni ishga solish muhimligini ta’kidladi. Shu munosabat bilan 2026-yilda viloyat rahbariyati oldiga iqtisodiyotni 9,2 foizga, sanoatni 9 foizga, xizmatlarni 16,3 foizga, qishloq xo‘jaligini 6,8 foizga oshirish, turizm eksportini esa 1,7 barobar ko‘paytirish vazifasi qo‘yildi. Xorijiy investitsiyalar hajmini 5 milliard dollarga, eksportni 1,2 milliard dollarga olib chiqish vazifasi belgilandi.
Yil yakunigacha ishsizlikni 3,5 foizga, kambag‘allikni 2,5 foizga tushirish, Namangan shahri, Davlatobod, Yangi Namangan, Namangan, Kosonsoy, Norin va Uychi tumanlarini ishsizlik va kambag‘allikdan xoli hududlarga aylantirish zarurligi ko‘rsatib o‘tildi.
Yig‘ilishda sun’iy intellekt asosida hududiy salohiyatni chuqur tahlil qilish masalasiga ham alohida e’tibor qaratildi. Norin tumani misolida bu yil investitsiyani ikki karra, sanoatni 10,4 foizga va eksportni 35 foizga oshirish imkoniyatlari aniqlangani aytildi. Endi ushbu yondashuvni viloyatning barcha tumanlariga tatbiq etish topshirildi.
Oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlash bugungi sharoitda eng dolzarb masalalardan biri ekani qayd etildi. Shu bois, viloyatda kam samarali 2,5 ming gektar bog‘lar o‘rnida zamonaviy intensiv bog‘lar tashkil qilish va 8 ming gektar yerni o‘zlashtirish vazifasi qo‘yildi. Bu orqali qo‘shimcha daromad manbalari va yangi ish o‘rinlari yaratiladi.
Yig‘ilishda yirik investitsiya loyihalariga alohida e’tibor qaratildi. Jumladan, “Namangan” erkin iqtisodiy zonasining “Sabzazor” massivida umumiy qiymati 547 million dollarlik 15 ta loyihani to‘liq amalga oshirish uchun qo‘shimcha elektr podstansiyasi qurish zarurligi ko‘rsatib o‘tildi. Hozirgacha bu yerda 215 million dollarlik 7 ta loyiha ishga tushgan.
Shuningdek, qiymati 20 million dollar bo‘lgan zamonaviy IT-park binosini barpo etish taklifi bildirildi. Ushbu loyiha axborot texnologiyalari sohasiga xalqaro kompaniyalarni jalb qilish, yangi ish o‘rinlari yaratish, hududda raqamli transformatsiya, sun’iy intellekt, elektron tijorat va startap ekotizimini jadal rivojlantirishga xizmat qilishi ta’kidlandi.
Davlatobod tumanini “Aqlli shahar”ga aylantirish, Namangan davlat texnika universitetiga qarashli bo‘sh obyektlar negizida sun’iy intellekt ilmiy laboratoriyasi va startaplar klubini tashkil etish tashabbuslari ham muhokama qilindi. “Namangan – aqlli shahar” yagona raqamli platformasi orqali kommunal xizmatlar, chiqindilarni boshqarish, ekologik monitoring va transport tizimlarini bosqichma-bosqich integratsiya qilish rejalashtirilgani aytildi.
Sanoat va tadbirkorlik bo‘yicha qator yangi tashabbuslar ko‘rib chiqildi. Jumladan, Chust tumanida quvvati 60 megavatt bo‘lgan yashil energiya loyihasini amalga oshirish uchun 24 gektar yer maydoni ajratish taklifi ilgari surildi. Chortoq tumanida alkogolsiz salqin ichimliklar, sharbatlar va bolalar ozuqasi ishlab chiqarish korxonasi loyihasi taqdim qilindi.
Qishloq xo‘jaligida ham katta zaxiralar borligi ta’kidlandi. 2026-2027-yillarda yangi intensiv bog‘ va tokzorlar barpo etish tashabbuslari doirasida 3948 gektar maydonda bog‘ va tokzorlar tashkil qilish, 1,3 million dona ko‘chat ekish, 1,5 ming gektarda tomchilatib sug‘orishni joriy etish rejalashtirilgan.
Parrandachilik sohasida 50 million dollarlik yirik loyiha amalga oshirilishi, uning doirasida 813 million dona tuxum va 2 ming tonna go‘sht ishlab chiqarish quvvati yaratilishi ma’lum qilindi. Bu viloyatning tuxumga bo‘lgan ehtiyojini to‘liq ta’minlash, Markaziy Osiyo va arab davlatlariga 42 million dollarlik parranda go‘shti hamda tuxum mahsulotlari eksport qilish imkonini beradi.
Turizmni iqtisodiyotning drayver sohasiga aylantirish masalasi ham muhokamaning markazida bo‘ldi.
Viloyatni vodiy turizmi markaziga aylantirish maqsadida Pop tumanida “Arashan” ko‘llari atrofida zamonaviy va innovatsion turizm majmuasi, Qamchiq dovoni hududida “Qamchiq Mountain Resort” xalqaro ko‘p funksiyali tog‘ dam olish zonasi, Chodak qishlog‘i Guliston mahallasida turizm markazi, Kosonsoy tumani Olmazor mahallasida yirik turizm maskanini tashkil etish, Yangiqo‘rg‘on tumani Nanay hududida sun’iy ko‘l loyihasini amalga oshirish taklif etildi.
Shuningdek, Namangan shahrining eski shahar qismida milliy me’morchilik, hunarmandchilik an’analari va zamonaviy servisni uyg‘unlashtirgan turizm majmuasini tashkil etish, “Chorsu” va “Sardoba” bozorlari negizida zamonaviy “ekobozor”lar barpo qilish, ko‘p qavatli avtoturargohlar qurish takliflari bildirildi. Bu loyihalar shahar iqtisodiyotini faollashtirish, savdo va xizmatlar sohasida yangi ish o‘rinlari yaratishga xizmat qilishi qayd etildi.
Infratuzilmani yaxshilash bo‘yicha ham qator yirik loyihalar ko‘rib chiqildi. Jumladan, davlat-xususiy sheriklik asosida Namangan shahri kanalizatsiya tizimini rekonstruksiya qilish, shuningdek, Uchqo‘rg‘on va Uychi tumanlari markazlarini ilk bor markazlashgan oqova suv tarmoqlari bilan ta’minlash loyihalari taqdim etildi. Uychi va Uchqo‘rg‘onda 10 ming kub metrlik yangi oqova suv inshooti, 40 kilometr yangi tarmoq va 28 kilometr ta’mirtalab tarmoqni yangilash orqali 42 ming nafar aholi va 6983 ta xonadon qamrab olinishi belgilangan.
Yangi Namangan shaharchasida qurilish ishlarini jadallashtirish masalasiga ham alohida to‘xtalib o‘tildi. Loyiha doirasida 30 ming yangi ish o‘rni yaratish, 25,2 kilometr yo‘lni ta’mirlash, 7,2 kilometr piyodalar yo‘lakchasini, 4,7 kilometr suv tarmog‘ini va 7,4 kilometr yashil hududni barpo etish nazarda tutilgan.
Ijtimoiy sohada ham yirik tashabbuslar ilgari surildi. Xususan, Namangan shahrida 2026-yilda 15 ming o‘rinli maktabgacha ta’lim tashkilotlarini tashkil qilish, 21 ta ta’lim muassasasidagi bo‘sh turgan 42 ming kvadrat metr yer maydonlarini davlat-xususiy sheriklik asosida bog‘cha qurish uchun ajratish taklif qilindi.
Sog‘liqni saqlash sohasida Respublika ixtisoslashtirilgan travmatologiya va ortopediya markazining Namangan filialini tashkil etish, onkologiya va radiologiya markazini zamonaviy PET-tomograf apparati bilan jihozlash, ko‘p tarmoqli tibbiyot markazini rekonstruksiya qilish va yuqori texnologiyali operatsiyalarni yo‘lga qo‘yish kabi tashabbuslar ko‘rib chiqildi. Bu orqali nafaqat viloyat aholisi, balki qo‘shni hududlardan keluvchi bemorlarga ham yuqori malakali tibbiy xizmat ko‘rsatish imkoniyati kengayishi aytildi.
Yig‘ilish yakunida Prezidentimiz Namangan viloyatida mavjud salohiyatni to‘liq ishga solish, har bir loyihani aniq natijaga aylantirish, aholi bandligi va daromadini oshirish, eksportbop va yuqori qo‘shilgan qiymatli ishlab chiqarishlarni kengaytirish bo‘yicha mutasaddilarga topshiriqlar berdi.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
Barchasi