Logo

8-iyun kuni Slovakiya Bosh vaziri uch kunlik rasmiy tashrif bilan O'zbekistonga keladi

Iyun 08, 2025. 10:13 • 44 soniya

61
8-iyun kuni Slovakiya Bosh vaziri uch kunlik rasmiy tashrif bilan O'zbekistonga keladi

TOSHKENT, 8-iyun. /"Dunyo" AA/. O'zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning taklifiga binoan Slovakiya Bosh vaziri Robert Fitso 8-10-iyun kunlari rasmiy tashrif bilan mamlakatimizda bo'ladi, deb xabar bermoqda "Dunyo" AA muxbiri.

Davlatimiz rahbari matbuot xizmati ma'lumotiga ko'ra, tashrif dasturiga muvofiq, Toshkent shahrida oliy darajadagi muzokaralar bo'lib o'tadi, O'zbekiston-Slovakiya ko'p qirrali hamkorligini yana-da rivojlantirish masalalari muhokama qilinadi.

Ustuvor yo'nalishlar – savdo, investitsiya va innovatsiyalar, qishloq xo'jaligi, sanoat, energetika, turizm sohalarida sheriklikni kengaytirishga alohida e'tibor qaratiladi. Tashkillashtirilgan mehnat migratsiyasi, madaniy-gumanitar va ta'lim sohalaridagi hamkorlik masalalari ko'rib chiqiladi. Xalqaro ahamiyatga molik masalalar, jumladan, ko'p tomonlama maydonlarda o'zaro qo'llab-quvvatlash yuzasidan fikr almashiladi.

Yetakchilarning uchrashuvi yakunida O'zbekiston bilan Slovakiya o'rtasidagi o'zaro manfaatli hamkorlikni rivojlantirishga qaratilgan hujjatlar imzolanishi ko'zda tutilgan.

Tashrif doirasida Slovakiya Bosh vaziri Robert Fitso IV Toshkent xalqaro investitsiya forumida ham ishtirok etadi.

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish