O'zbekiston va Pokiston yetakchilari telefon orqali muloqot chog'ida ikki tomonlama munosabatlarning dolzarb masalalarini ko'rib chiqdilar
Iyun 07, 2025. 21:32 • 54 soniya
• 72
TOSHKENT, 7-iyun. /"Dunyo" AA/. O'zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Pokiston Bosh vaziri Shahboz Sharif bugun bo'lib o'tgan telefon orqali muloqotda butun musulmon ummati uchun muqaddas Qurbon hayiti - Iyd al-Adho munosabati bilan bir-birini samimiy tabrikladilar, deb xabar qilmoqda "Dunyo" AA muxbiri.

Davlatimiz rahbari matbuot xizmati ma'lumotiga ko'ra, yetakchilar do'st O'zbekiston va Pokiston xalqlariga farovonlik va ravnaq tiladilar.
Pokiston Bosh vazirining joriy yil fevral oyida O'zbekistonga tarixiy tashrifi davomida erishilgan kelishuvlarni amalga oshirish natijalari muhokama qilindi.
Strategik sheriklik izchil mustahkamlanib borayotgani, turli darajalardagi muloqot va almashinuvlar faollashgani mamnuniyat bilan qayd etildi.
O'zaro savdo va yuk tashishlar hajmi sezilarli ortmoqda, to'g'ridan-to'g'ri aviaqatnovlar ko'paymoqda. Farmatsevtika, qishloq xo'jaligi, to'qimachilik, logistika va boshqa yo'nalishlarda loyihalar amalga oshirilmoqda. Lahor va Karachida savdo uylari tashkil etilgan.
Joriy yilga rejalashtirilgan Hukumatlararo komissiyaning navbatdagi yig'ilishi va biznes forumini samarali o'tkazish muhimligi qayd etildi.
O'zbekiston va Pokiston yetakchilari mintaqaviy kun tartibi yuzasidan ham fikr almashdilar, bo'lajak tadbirlar rejasini ko'rib chiqdilar.
O'zbekiston Prezidenti matbuot xizmati arxividan olingan surat
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
So‘nggi yangiliklar
Barchasi
Mavzuga oid
O'zbekiston Prezidentining Turkmanistonga amaliy tashrifi yakunlandi
O‘zbekiston Prezidenti Yaponiya Imperatori bilan uchrashdi