Logo

O'zbekistonda aholini kichik va o'rta biznesga keng jalb qilish bo'yicha qo'shimcha vazifalar belgilandi

Noyabr 17, 2023. 10:37 • 2 daq

355
O'zbekistonda aholini kichik va o'rta biznesga keng jalb qilish bo'yicha qo'shimcha vazifalar belgilandi

TOSHKЕNT, 17-noyabr. /«Dunyo» AA/. O'zbekiston Prezidentining «Aholini kichik va o'rta biznesga keng jalb qilishning qo'shimcha chora-tadbirlari to'g'risida»gi qarori qabul qilindi, deb xabar bermoqda «Dunyo» AA muxbiri.

Hujjat bilan aholini kichik va o'rta biznesga keng jalb qilishning quyidagi ustuvor yo'nalishlari belgilandi:


-aholi va tadbirkorlik subyektlarini o'qitish orqali ularning biznes tashabbuslarini moliyaviy va konsultativ qo'llab-quvvatlash tizimini yo'lga qo'yish va «oilaviy tadbirkor – mikrobiznes – kichik biznes – o'rta biznes» zanjiri asosida ularning faoliyatini kengaytirish uchun zarur shart-sharoitlar yaratish;


-davlat dasturlari doirasida kichik va o'rta biznes loyihalarini «Biznesni rivojlantirish banki» ATB, «Tadbirkorlikni rivojlantirish kompaniyasi» AJ va boshqa hamkor tijorat banklaridan iborat yaxlit moliyaviy tizim asosida qo'llab-quvvatlash;


-tadbirkorlikka o'qitish, kichik va o'rta biznes loyihalarini moliyalashtirish hamda biznes jarayonlarining barcha bosqichlarida doimiy hamrohlik qilishni «Kichik biznesga ko'maklashish markazi» MCHJlar va «Tadbirkorlikni rivojlantirish kompaniyasi» AJda hamda elektron platformalarda amalga oshirish.


Qaror bilan 2024–2026-yillar uchun «Biznesni rivojlantirish banki» ATB va «Tadbirkorlikni rivojlantirish kompaniyasi» AJ faoliyatining asosiy maqsadli ko'rsatkichlari tasdiqlandi. Xususan, «Biznesni rivojlantirish banki» ATB bo'yicha kichik tadbirkorlik subyektlariga ajratiladigan kreditlar qoldig'ini 1,7 baravarga oshirish orqali kredit portfelidagi ulushini 28 foizdan 43 foizga yetkazish rejalashtirilmoqda.


Shuningdek, bank 300 million AQSH dollari miqdorida obligatsiya (yevrobond)larni xalqaro kapital bozorlarida muomalaga chiqaradi.


Aholini kichik va o'rta biznesga keng jalb qilish bo'yicha respublika komissiyasi va uning hududiy bo'linmalari tashkil etiladi.


«Yagona darcha» tamoyili asosida xizmat ko'rsatish uchun «Kichik biznesga ko'maklashish markazi» MCHJlar va «Tadbirkorlikni rivojlantirish kompaniyasi» AJning vakillari SSPning hududiy boshqarmalari binolariga joylashtiriladi.


2024-yil 1-yanvardan 2026-yil 1-yanvarga qadar davlat xaridlari portalida davlat ishtirokidagi yirik korxonalar bilan kooperatsiya asosida tashkil qilingan kichik tadbirkorlik subyektlariga o'zlari ishlab chiqargan tovarlarni (mahsulotlarni) davlat buyurtmachilariga bir moliya yili davomida jami 10 milliard so'mgacha qiymatda to'g'ridan-to'g'ri shartnomalar asosida sotishga ruxsat beriladi.

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish