O'zbekiston Prezidenti Bo'rijar kanaliga tushib ketgan qizlarning hayotini saqlab qolgan hamyurtlarimizni "Jasorat" medali bilan taqdirladi
Iyun 03, 2025. 17:13 • 2 daq
• 118
TOSHKENT, 3-iyun. /"Dunyo" AA/. O'zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev suvga cho'kib ketayotgan qizlarni qutqargani uchun vatandoshlarimiz Abdumannop Samiqov (marhum) va Nurmuhammad Mamasaliyevni "Jasorat" medali bilan taqdirladi, deb xabar bermoqda "Dunyo" axborot agentligi.
"Shu yil 5-may kuni Toshkentdagi Bo'rijar kanalida bo'lgan mash'um voqea hammamizni chuqur qayg'uga soldi, – deb yozdi O'zbekiston Prezidentining matbuot kotibi Sherzod Asadov o'zining telegram kanalida. – Yakkasaroy tumanida yashovchi ikki nafar qizaloq kanalga tushib ketdi. Buni ko'rgan mard va jasur vatandoshimiz Abdumannop Samiqov o'zini suvga tashlab, norasidalar hayotini saqlab qoldi. Lekin, afsuski, baxtsiz hodisa ro'y berdi – bu ezgulik yo'lida uning o'zi qahramonlarcha halok bo'ldi.
Ma'lum bo'lishicha, bu fidoyilik bejiz emas – Abdumannop Samiqov hamisha odamlarga yaxshilik qiladigan, el koriga yaraydigan vatanparvar inson edi.
Davlatimiz rahbari bu jasorat tarixini yuragiga yaqin olib, avvalo, marhumning rafiqasi va farzandlariga hamdardlik bildirdi. Bugun hurmatli Prezidentimiz marhum Abdumannop Samiqovni "Jasorat" medali bilan mukofotlash to'g'risidagi farmonni imzoladi.
Shuningdek, qizaloqlarni qutqarishda jonbozlik ko'rsatgan "Bo'rijar" sport majmuasi ishchisi Nurmuhammad Mamasaliyev ham "Jasorat" medali bilan taqdirlandi.
Bu mamlakatimizda inson qadrini ulug'lash, vatan qahramonlariga hurmat ko'rsatish borasidagi e'tiborning yana bir ifodasi bo'ldi. Kuchli va mehr-oqibatli jamiyatda insoniylik hech qachon unutilmaydi".
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
So‘nggi yangiliklar
Barchasi
Mavzuga oid
O'zbekiston Prezidentining Turkmanistonga amaliy tashrifi yakunlandi
O‘zbekiston Prezidenti Yaponiya xalqaro hamkorlik banki boshqaruvchisini qabul qildi