Logo

O'zbekiston Prezidenti Zomin texnoparkida rejalashtirilgan yangi loyihalar taqdimoti bilan tanishdi

Iyul 22, 2025. 15:52 • 56 soniya

70
O'zbekiston Prezidenti Zomin texnoparkida rejalashtirilgan yangi loyihalar taqdimoti bilan tanishdi

TOSHKENT, 22-iyul. /"Dunyo" AA/. O'zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev bugun Zomin texnoparkida rejalashtirilgan yangi loyihalar taqdimoti bilan tanishdi, deb xabar qilmoqda "Dunyo" AA muxbiri.

Davlatimiz rahbari matbuot xizmati ma'lumotiga ko'ra, ushbu texnopark 400 gektar maydonda barpo etilmoqda. Birinchi bosqichda 9 loyiha bo'yicha ishlar boshlangan. Endi ikkinchi bosqich doirasida yana 5 ta loyiha shakllantirilgan.

Jumladan, "Longze Investment Group" kompaniyasi bilan hamkorlikda xavfsizlik va tibbiyot texnikalari, "Foxit" kompaniyasi bilan noutbuk, planshet, server, router kabi zamonaviy mahsulotlar ishlab chiqarishni yo'lga qo'yish mo'ljallanmoqda. Shuningdek, charm va sport poyabzallari, qurilish materiallari, chinni idishlar, kimyo mahsulotlari bo'yicha loyihalar ko'zda tutilgan.

Ularning umumiy qiymati 250 million dollar atrofida bo'lib, yuqori qiymatli tovarlar ishlab chiqariladi. Tayyor mahsulotlarning qariyb 70 foizi tashqi bozorga yo'naltiriladi.

Jizzax viloyatida xorijiy investitsiyalar miqdori yil sayin o'sib bormoqda. 2018-yilda viloyatda bor-yo'g'i 18 million dollar xorijiy investitsiya o'zlashtirilgan bo'lsa, o'tgan yili bu raqam 1 milliard dollardan oshgan. Oxirgi sakkiz yilda viloyatga 3,7 milliard dollar investitsiya kiritilgan,

4 mingdan ziyod sanoat korxonalari ishga tushgan. Chet el kapitali ishtirokidagi korxonalar soni 260 tadan oshgan.

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish