Logo

O'zbekiston Prezidenti Xorazmda aholining jamoat transportidan foydalanishi uchun yaratilgan shart-sharoitlar bilan tanishdi

May 01, 2025. 19:02 • 2 daq

628
O'zbekiston Prezidenti Xorazmda aholining jamoat transportidan foydalanishi uchun yaratilgan shart-sharoitlar bilan tanishdi

TOSHKENT, 1-may. /"Dunyo" AA/. Prezident Shavkat Mirziyoyev Xorazm viloyatiga tashrifi chog'ida bugun aholiga yaratilayotgan qulayliklar bilan tanishdi, deb xabar qilmoqda "Dunyo" AA muxbiri.

Davlatimiz rahbari matbuot xizmati ma'lumotiga ko'ra, aholi faolligi oshib, turizm jadal rivojlanayotgan Xorazmda transport xizmatlari ham yaxshilanmoqda. Shu maqsadda "Bunyod yo'lovchi tashish" korxonasi tomonidan qariyb 8 million dollar evaziga 80 ta zamonaviy avtobus olib kelinmoqda. Hozirga qadar shundan 50 tasi keltirilgan.


"YEVRO-5" talablariga munosib mazkur avtobuslarning sig'imi 70 kishilik. Tagi past bo'lgani uchun nogironlar va keksalar uchun ham qulay. Shuningdek, Wi-Fi va kuzatuv kameralari ham mavjud. Bunday zamonaviy jamoat transportidan keksayu yosh birdek mamnun.


Avvalgi kichik avtobuslarning har biri kuniga 200-300 kishini tashigan bo'lsa, yangi avtobuslarning har biri ming kishiga xizmat ko'rsatmoqda. Ularning qatnov oralig'i vaqti ham ikki barobarga qisqarib, 5-12 daqiqaga tushdi. Natijada Urganch shahrida aholining jamoat transportidan  foydalanish darajasi 38 foizga yetdi.


Asosiysi, bunday sharoitlar transport yetishmovchiligi va ko'chalarda tirbandlikning oldini olib, fuqarolarning erkin harakatlanishiga xizmat qilmoqda.


Boshqa hududlarni ham jamoat transporti bilan yaxshi qamrab olish uchun korxona tomonidan tez kunda yana 30 ta avtobus olib kelinishi ko'zda tutilgan.


Prezidentimiz jamoat transportini tumanlar bilan samarali bog'lab, yo'nalishlarni qulaylashtirish bo'yicha ko'rsatmalar berdi. Yo'llarni ta'mirlab, haydovchilar malakasi va texnik xizmat sifatini oshirish avtobuslardan foydalanish muddatini uzaytirishda muhim omil ekani qayd etildi.

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish